Qanot Sharq Airlines birinchi Airbus A321XLR samolyotini qabul qildi. Bu haqda xususiy aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
AQSHning Air Lease kompaniyasidan uzoq muddatli lizing asosida olingan havo kemasi Gamburgdagi zavoddan 20-dekabr kuni Toshkentga yetib keldi. Yana uchta A321XLR samolyotini yetkazib berish rejalashtirilgan.
Natijada, Qanot Sharq Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlaridagi birinchi A321XLR operatoriga aylandi. Aviakompaniya bu orqali “parvoz masofasi hamda yo‘lovchilar uchun qulaylik imkoniyati kengayishi"ni kutmoqda.




Airbus’ning qayd etishicha, mazkur samolyotning qabul qilinishi kompaniyaning havo flotini modernizatsiya qilish, xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va Osiyo bo‘ylab muhim bozorlarga, jumladan, Sanya (Xitoy) va Pusan (Janubiy Koreya) shaharlariga, shuningdek, Budapesht orqali Nyu-Yorkka yangi yo‘nalishlarni ishga tushirish borasidagi ambitsiyalarini mustahkamlaydi.
CFM LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan samolyot 190 o‘rinli, ikki sinfli konfiguratsiyaga ega: 16 ta Business va 174 ta Economy klass o‘rni. Airbus Airspace Cabin intereri yo‘lovchilar va bort ekipaji uchun avvalgi avlod samolyotlariga nisbatan 60% ga kattaroq XL yuqori yuk javonlarini taqdim etado. Shuningdek, barcha yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlarda ichki internet aloqasi hamda zamonaviy yoritish tizimi mavjud.
Avvalroq Centrum Air beshta Airbus A320neo samolyotini olgani haqida xabar berilgandi. Xususiy aviakompaniya laynerlarni Irlandiyaning Avolon kompaniyasidan lizing asosida oladi. Havo kemalarining yetkazib berilishi 2027-yilda kutilmoqda.




