Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan vakolatli tashkilotlar va adliya organlari tomonidan hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda e‘lon berish muddatlarini qisqartirish taklif etilmoqda. Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan ortiqcha egallangan yer uchastkasiga ijara huquqini e‘tirof etishda bozor qiymati o‘rniga qat‘iy belgilangan bir martalik to‘lov undirish nazarda tutilgan.
Bir martalik to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilsa, unga avtomatik tarzda 50% chegirma qo‘llanadi. To‘lovlar belgilangan muddatda amalga oshirilmagan taqdirda esa, ular tuman soliq inspeksiyasi bilan tuziladigan shartnoma asosida 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Bino va inshootlar qurilishi taqiqlangan hududda joylashgan taqdirda, uni to‘liq rad etmasdan yer uchastkasining qurilishi taqiqlangan hududiga tushgan qismini chegirib tashlagan holda qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e‘tirof etish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, soliq qarzdorligi BHMning 30 baravarigacha (12,36 mln) bo‘lgan taqdirda, belgilangan muddatda to‘lanmagan holatlar ham bundan mustasno emas. Bunday vaziyatlarda ham ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan mazkur qonun talablari asosida huquqlarni e‘tirof etish taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, O‘zkosmos agentligi tomonidan qurilish davrini aniqlashning texnik imkoni bo‘lmagan hollarda xulosa kosmik suratlar asosida beriladi. Bunda qonunda belgilangan muddatga eng yaqin bo‘lgan oldingi va keyingi kosmik suratlardan foydalanish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasiga ko‘ra, binolar va inshootlar, jumladan yakka tartibdagi uy-joylar bo‘yicha xususiylashtirilgan yoki xususiylashtirilmaganiga doir ma‘lumotlar avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi. Buning uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ham mas‘ul etib belgilanmoqda.
Adliya vaziri o‘rinbosari Mirjalol Allaquliyevning taʼkidlashicha, hududlar kesimida 27 761 ta obyektga nisbatan huquqlar eʼtirof etilib, hozirda 8 mingga yaqin obyekt ko‘rib chiqilmoqda.
Qonun talabi bilan yer va mol-mulk solig‘idan qarzdorligi mavjud obyektlarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish to‘xtatib turiladi. Shu bois 2025-yil 1-dekabr holatiga 400,9 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorligi bor tizimga kirgan 60% (243 mingdan ortiq) obyektlarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish masalasi hal etilmasdan qolmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
22-dekabr kuni Milliy tiklanish partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida mazkur qonun loyihasi ko‘rib chiqilgandi. Unda 5336 dan ortiq ko‘chmas mulk obyekti hujjati rasmiylashtirilgani, biroq 4 mlndan ortiq mulkka egalik huquqi berilmagani aytilgandi.
2024-yilning 8-noyabridan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Hujjat bilan Kadastr agentligi tomonidan 2024−2025 yillar uchun reja-jadval ishlab chiqildi.
2025-yilning aprelida O‘zbekistonda ilk bor o‘zboshimcha egallangan yer va uy-joylarga bo‘lgan huquq e’tirof etilgandi. Oktabr oyida esa qishloq xo‘jaligi yerlariga ijara huquqini garovga qo‘yish tartibi belgilandi.
Avvalroq Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
