O‘zbekstonliklar Yangil yil bayramida ketma-ket 5 kun dam olishi mumkin. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik tomonidan rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi takliflar kiritildi.
Taklifda 2025-yil 31-dekabr, 2026-yil 2 va 3-yanvar kunlari qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilash haqida ko‘rsatilgan. Vazirlikning qayd etishicha, hozirda bu takliflar rad etilmagan.
“Ijtimoiy tarmoqlardagi aholini kayfiyatiga ta’sir etuvchi, ya’ni qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilanmasligi haqidagi noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonmasligingizni so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Tez kunda Yangi yil bayramida qo‘shimcha ishlanmaydigan va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risidagi prezident farmoni e’lon qilinishi kutilmoqda.
Tarmoqlarda 31-dekabr va 2-yanvar kunlari ishga chiqilishi, Yangi yilda qo‘shimcha dam olish kunlar bo‘lmasligi haqidagi xabarlar tarqalgandi.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev mas’ullarga tayanib xabar berishicha, Yangi yil bayramida qo‘shimcha dam olish kunlarini belgilash bo‘yicha prezident qarori loyihasi tayyorlangan.
Loyiha bilan 31-dekabrdan 4-yanvargacha ketma-ket 5 kun dam olish kuni bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, Spot manbasi bayramda o‘zbekistonliklar uchun 5 kun dam olish kuni etib belgilanishini tasdiqladi.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ish davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.
Yangi yil tadbirlari munosabati bilan Toshkent shahrining ayrim markaziy ko‘chalarida transport harakati vaqtincha cheklandi. Poytaxt hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, cheklovlar 15-dekabrdan 15-yanvargacha Milliy kutubxona oldidagi hududda, 17-dekabrdan 5-yanvargacha esa Taras Shevchenko gastronomik-turizm ko‘chasida amal qiladi. Ayrim ko‘cha va kesishmalarda transport vositalari harakati to‘liq yopildi.
