Hukumat qarori bilan Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga (709-son) o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Xususan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi ijarachisining o‘zida qoladigan hamda qayta ijaraga oluvchiga o‘tkaziladigan yer maydoni Yer kodeksining 46¹-moddasida belgilangan o‘lchamlardan kam bo‘lmasligi shart.
Yer uchastkasini qisman qayta ijaraga berishda uni taqsimlash qishloq xo‘jaligi xaritasidagi konturlar yaxlitligi va amaldagi sug‘orish tizimi saqlangan holda, alohida turgan konturlarni qayta taqsimlash orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, bu jarayonda taraflar yer uchastkasini bo‘lish va uning yangi chegaralarini belgilash bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanishi nazarda tutilgan.
Oktabr oyida qishloq xo‘jaligi yerlariga ijara huquqini garovga qo‘yish tartibi belgilangandi.
Avvalroq deputatlar mulk huquqlarini e‘tirof etishni soddalashtiruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.
