Avstriyaning Raiffeisen banki O‘zbekiston kapital bozori sohasida “tartibga solish qumdoni"ga qo‘shildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik tomonidan Raiffeisen Bank International AG kapital bozori sohasida maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Natiijada, bank “qumdon"ning oltinchi a’zosiga aylandi.
Raiffeisen Bank o‘z mijozlariga Respublikasi valyuta birjasi va “Toshkent” Respublika fond birjasi orqali sotib olingan O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlarini saqlash va ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etish uchun xorijiy nominal saqlovchi sifatida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
ILMA 2024-yil fevral oyida Bank of Georgia’ni kapital bozoridagi “qumdon"ning birinchi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi. O‘sha yilning yozida Bank of Georgia O‘zbekistonning milliy valyutadagi davlat obligatsiyalarini sotib oldi.
Shuningdek, o‘tgan yilning sentabrida Vengriyaning OTP banki yirik portfel investitsiyalarini jalb qilish uchun vositachi sifatida maxsus huquqiy rejim ishtirokchisiga aylandi. Bu yil “qumdon"ga yana uchta ishtirokchi — TBC Capital, Armaniston Markaziy depozitariysi hamda Auerbach Grayson & Company qo‘shildi.
Avvalroq O‘zbekiston fond bozoriga 2030-yilgacha $1 mlrd investitsiya jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Tartibga solish qumdoni rejimi cheklanmagan muddatga amal qiladi. 5 trln so‘mlik obligatsiyalar chiqarilib, qo‘shimcha investitsiya jalb etiladi.
Raiffeisen Bank Raiffeisen Banking Group tarkibiga kiruvchi markaziy muassasa sifatida faoliyat yuritadi, unga Raiffeisenning turli mintaqaviy banklari kiradi. Bank Markaziy va Sharqiy Yevropaning 11 bozorida 18,1 mln mijozga xizmat ko‘rsatadi. 2025 yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, bankning jami aktivlari 204 mlrd yevroni tashkil etadi.
U Avstriya moliya bozorlarini nazorat qilish boshqarmasi (FMA) va Yevropa Markaziy banki tomonidan nazorat qilinadi. Bank 2024-yilda Euromoney tomonidan Markaziy va Sharqiy Yevropada KOB uchun eng yaxshi bank, 2025-yilda esa Global Custodian Award’da mintaqadagi eng yaxshi subkastodian deb e’tirof etilgan.
