Biznes

“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili joriy etiladi

“Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etiladi. U bir vaqtning o‘zida quyidagi 7 ta xizmatni ko‘rsatishni nazarda tutadi:

  • elektron raqamli imzo kalitini berish;
  • bankda hisobvaraq ochish uchun ariza berish;
  • litsenziya yoki ruxsatnoma yoxud xabarnoma olish uchun ariza berish (faoliyat turiga qarab);
  • ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini rasmiylashtirish;
  • QQS to‘lovchisi guvohnomasini rasmiylashtirish (avtomatik tarzda beriladigan soliq to‘lovchilar uchun);
  • onlayn nazorat-kassa apparatini sotib olish va uni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga qo‘yish.

Tadbirkorlar “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili doirasida har bir xizmatdan ixtiyoriy ravishda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Tanlangan xizmatlar uchun yagona QR-kod orqali to‘lash mumkin bo‘ladi.


YTTlar firma nomidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi

Yakka tartibdagi tadbirkorlar 2026-yil boshidan yuridik shaxslar bilan teng ravishda firma nomidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Hozir YTT nomi sifatida ta’sischining to‘liq ismi ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, litsenziyalar va biznesning boshqa hujjatlaridagi birlamchi ma’lumotlarni o‘zgartirish soddalashtirilmoqda. Agar korxonaning firma nomi, manzili, tashkiliy-huquqiy shakli, muassisning ismi, familiyasi yoki otasining ismi o‘zgarsa, hujjatlarga bepul va avtomatik ravishda tuzatishlar kiritiladi.


Chorvachilik xo‘jaliklari uchun subsidiya va imtiyozlar beriladi

Ozuqabop va moyli ekinlarni yetishtiruvchilarga mahsulot yetishtirishda sug‘orish tadbirlari uchun o‘z balansidagi nasos agregatlari sarflaydigan elektr energiyasi xarajatlarining 50% qismi budjetdan qoplab beriladi.

Yirik va mayda shoxli qoramollarni boqishga ixtisoslashgan 200 ta mahalla ro‘yxati shakllantirilib, 2026-yil 1-yanvardan xorijiy va mahalliy veterinarlar jalb qilinadi.

Chorvachilik xo‘jaliklariga xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar uchun subsidiya ajratish tartibining amal qilish muddati 2030-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi.

Nasldor bir kunlik jo‘jalar importi uchun belgilangan subsidiya 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2030-yil 31-dekabrga qadar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan go‘sht yo‘nalishida ushbu nasldor bir kunlik jo‘jalar xarid qilinganda ajratiladi.

1-yanvardan 2027-yil yakuniga qadar tirik yirik shoxli qoramol (TIF TN bo‘yicha kodi 0102) va tirik qo‘y va echkilarni (TIF TN bo‘yicha kodi 0104) import qilishda hisoblangan QQSni 180 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi. To‘langan QQSning o‘rnini qoplash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.


Ayol tadbirkorlar yangi kredit va kafolat mexanizmlari asosida qo‘llab-quvvatlanadi

Hamroh tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha instrumentlar joriy etiladi.

Banklar tomonidan ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50% va undan yuqorini tashkil qilgan va rahbari ayol kishi bo‘lgan kichik va o‘rta tadbirkorlarning kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga kredit ajratiladi.

Kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha BHMning 25 ming baravarigacha (10,3 mlrd so‘m) miqdorda beriladi.

Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi tomonidan banklar kreditlarining 70%igacha bo‘lgan qismiga kafolat (kafillik) taqdim etiladi.


Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning reklama xarajatlari qoplab beriladi

Mahalliy sanoat korxonalariga mahsulotlarini O‘zbekiston hududida OAV, ijtimoiy tarmoqlar, savdo maydonchalari va mobil ilovalarda joylashtirish orqali targ‘ibot va tashviqot qilish xarajatlarini Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berishga ruxsat etiladi.

Bunda mazkur xarajatlarning 50% dan 100% gacha qismi, biroq bir yilda 250 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplab beriladi. Savdo-sanoat palatasining xulosasiga asosan sanoat korxonalariga kompensatsiyalar taqdim etiladi.


O‘zini o‘zi band qilganlar faoliyat turlari qisqartiriladi

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 104 tadan 72 taga qisqartiriladi.

Ro‘yxatdan quyidagilar chiqarib tashlanadi:

  • chakana savdo;
  • sartaroshlik va kosmetologiya xizmatlari;
  • foto va video suratga olish;
  • qandolatchilik mahsulotlari;
  • salatlar va tuzlamalar, ichimliklar tayyorlash;
  • gidlik xizmatlari;
  • kopirayting, tarjimonlik;
  • rieltorlik xizmatlar;
  • avtotransport vositalarini ta’mirlash;
  • yog‘och o‘ymakorligi;
  • taqinchoqlar va attorlik buyumlari ishlab chiqarish;
  • repetitorlik va to‘garaklar olib borish hamda boshqa ayrim faoliyat turlari.

To‘liq yangilangan ro‘yxat bu yerda tanishish mumkin.

Shu bilan birga, unga marketpleyslarda tovarlar va xizmatlarni sotish, shuningdek, nomoddiy madaniy meros obyektlarini saqlash kiritiladi. O‘zini o‘zi band qilganlarga hayvonlardan faqat tovuq boqishga ruxsat beriladi.


Soliq

Issiqxonalar uchun ijtimoiy soliq 1% etib belgilanadi

Issiqxona xo‘jaliklari uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun bir qator imtiyozlar taqdim etiladi.

Xususan, 2026-yil 1-yanvardan boshlab ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi. Ushbu tartib 2028 yil yakuniga qadar amal qiladi.


QQSga o‘tgan tadbirkorlar bir yilga foyda solig‘idan ozod etiladi

Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta QQSga o‘tgan tadbirkorlar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi.

6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan (4 mln 448,5 ming so‘m) oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlanadi.


Sayyor soliq tekshiruvlarida mobil videokameradan foydalaniladi

2026-yildan boshlab sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi. Mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.


Fermer va dehqonlar uchun QQS bekor qilinadi

Qishloq xo‘jaligi korxonalari dehqon va fermerlarga o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini (g‘alla va paxtadan tashqari) sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘i nol stavkada bo‘ladi.

QQSning “nol” stavkasi qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi va ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlarni yetishtirish uchun xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘langan QQS summasini qoplash tartibi amal qiladi. Mablag‘larni qaytarish 3 kun ichida avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, mahsulotni yetishtirishda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, transport, elektr kabi xarajatlar uchun hisobga olingan QQSni qaytarib berish amaliyoti ham saqlanib qoladi.


Aholi o‘z soliqlari qayerga sarflanishini onlayn ko‘rishi mumkin bo‘ladi

1-yanvardan “Ochiq budjet” portalida yangi modul ishga tushiriladi. Unda aholi tomonidan to‘langan soliqlar hisobidan amalga oshiriladigan budjet xarajatlari ma’lumotlari aks ettiriladi.

Modulda jismoniy shaxs tomonidan muayyan davrda to‘langan daromad solig‘i, mol-mulk va yer solig‘i, shuningdek, bu mablag‘lar evaziga davlat budjetidan amalga oshirilgan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar doimiy ravishda e’lon qilib boriladi. Tizimga OneID orqali kirish mumkin bo‘ladi.

Soliq qo‘mitasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligining texnik talabnomasi asosida shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq soliq ma’lumotlarining portalda to‘g‘ridan to‘g‘ri shakllanishini ta’minlash topshirilgan. Bu ma’lumotlar faqat fuqaroning o‘zi uchun ko‘rinadi.

Bundan tashqari, 2026-yildan jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulklarni ijaraga berishdan olingan daromad bo‘yicha to‘langan soliq to‘liq miqdorda mulk joylashgan tuman yoki shahar mahalliy budjetlariga yo‘naltiriladi.


Sunʼiy yo‘ldosh aloqa operatorlariga soliq imtiyozlari beriladi

2026-yildan 5 yilga o‘rta va past orbitali yo‘ldosh aloqa tarmoqlarini O‘zbekiston hududida markaziy yer stansiyasi orqali tashkil qilish bilan bog‘liq bo‘lgan loyihalar uchun imtiyozlar joriy etiladi.

Yo‘ldosh aloqa tarmoqlari operatorlari tomonidan sunʼiy yo‘ldosh aloqa tizimi orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar QQSdan ozod qilinadi.

Markaziy yer stansiyalari, terminallar va yo‘ldosh aloqa infratuzilmasining boshqa aktiv qurilmalari joylashtirilgan telekommunikatsiya inshootlari hamda ularning yer maydonlari mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi.

Shuningdek, yo‘ldosh aloqa tarmoqlari operatorlarining yaratilgan sunʼiy yo‘ldosh aloqa tizimi orqali ko‘rsatadigan xizmatlari uchun foyda solig‘i qo‘llanilmaydi.


O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy onlayn servislar faoliyati cheklanadi

2026-yildan O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmaganda, ularning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi.

Bundan tashqari, sotuvchi tomonidan litsenziyalanadigan yoki ruxsat etish yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari bo‘yicha tovarlar realizatsiya qilinganda, sotuvchining litsenziyasi (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat yoki xabarnoma) mavjudligi avtomatlashtirilgan tarzda tekshirilib, hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.


QQSni tezkor qaytarish va kameral tekshiruvlar bo‘yicha yangi talablar belgilanadi

QQS summasini tekshiruvlarsiz tezlashtirilgan tarzda qaytarish tartibi ta’sischisi yoki rahbari soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan tadbirkorlarga, shuningdek, ularning ta’sischisi yoki rahbari tomonidan oxirgi 12 oyda yangi yoki qayta tashkil etilgan subyektlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi.

Bunda kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilgan hamda soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar to‘liq to‘langanda yuridik shaxsning mansabdor shaxslari jinoiy yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod qilinadi.


Import oziq-ovqat mahsulotlari ustidan soliq nazorati kuchaytiriladi

1-yanvardan import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari 9 oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlar 3 oy) davomida sotilmay qolsa, nazoratga olinadi. Qiymati BHMning 500 baravaridan (206 mln so‘m) ortiq bo‘lgan bunday mahsulotlar qoldig‘i sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.


Ko‘chmas mulk va qurilish materiallari uchun soliqlar bozor narxida belgilanadi

Ko‘chmas mulk obyektlari va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi ushbu tovarlarning bozor bahosidan kelib chiqib aniqlanadi.

Qurilish va savdo sohalaridagi yuridik shaxslar tomonidan o‘zlarining ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning (elektron hisobvaraq-faktura, onlayn nazorat kassa texnikasi cheki, bojxona yuk deklaratsiyasi, notarius tomonidan tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi va boshqa hujjatlar) hisobi yuritiladi.

Mazkur turdagi operatsiyalar amalga oshirilgandan so‘ng 15 kun ichida shaxsiy kabinet orqali soliq organlari ma’lumotlar bazasida majburiy aks ettiriladi.


Elektron hisob-fakturalar xavfini baholash tizimi ishga tushiriladi

Elektron hisobvaraq-fakturalar uchun xavfni avtomatik baholash tizimi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Yetkazib beruvchining maqomi xaridorga ko‘rsatiladi, bu esa kontragentni tanlashda bitimning ehtimoliy soliq oqibatlarini oldindan baholash imkonini beradi.

EHFlar xavf darajasini baholash tizimi soliq to‘lovchilar uchun 22-dekabrdan test rejimida ishga tushirildi. EHFlar real vaqt rejimida baholanib, jo‘natuvchilar va oluvchilar shaxsiy kabinetda indikator bo‘yicha berilgan tavakkalchilik darajasini ko‘rishlari mumkin: qizil — yuqori xavfga ega EHF uchun, yashil — past xavfga ega EHF uchun.

2026-yilgacha xavf darajasi yuqori bo‘lganda hech qanday ta‘sir choralari qo‘llanilmaydi. Soliq qo‘mitasi tizim faoliyatini o‘rganib, zarur hollarda uni takomillashtirib boradi.

Avtomatlashtirilgan xavf-xatar tahlili soliq ma‘muriyatchiligini yana-da shaffof qilish va inson omili ta‘sirini kamaytirishga qaratilgan. Soliq uzilishi (tax gap) ko‘rsatkichidan farqli o‘laroq, tizim faqat ikki korxona o‘rtasidagi aniq tranzaksiyani tahlil qiladi.

Xavf yuqori bo‘lgan taqdirda EHF bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinmaydi. Bunda cheklov sotuvchi yoki xaridor tomonidan budjetga QQS to‘liq to‘langanda olib tashlanadi.


O‘zbekistonda xorijliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi

Chet el fuqarolarining O‘zbekistondan tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi. Uning doirasida bunday daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.

Ozod etish sharti sifatida chet el fuqarolari $50 ming miqdorida maxsus yig‘im to‘lashi va O‘zbekistondagi maxsus vakolatli tijorat bankida bank hisobvarag‘i yoki kripto-birjada kripto-hamyon ochishi shart etiladi.

Ketma-ket 12 oylik davr davomida jami 30 kalendar kundan ko‘proq mamlakatda haqiqatda bo‘lgan jismoniy shaxslar ular mulk yoki ijara huquqi asosida turar joy ko‘chmas mulk obyektiga ega bo‘lganda O‘zbekistonning soliq rezidentlari deb eʼtirof etiladi.


Yer va mol-mulk solig‘idan qarzdor fuqarolarga elektr uchun to‘lovlar cheklanadi

2026-yildan boshlab Namangan viloyatida yangi soliq boshqaruvi modelini joriy etish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorlik umumiy summasi 1 mln so‘mdan oshgan holatlar aniqlanadi. Bunday qarzdorlikni undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalaniladi.

Soliq organlari faoliyatini baholashda inson omili taʼsirisiz avtomatik shakllanadigan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari joriy etiladi.

Soliq qo‘mitasi 2026-yil 1-oktabrgacha eksperiment natijalari asosida uni boshqa hududlarda joriy etish bo‘yicha takliflarni hukumatga kiritadi.

Hududiy elektr tarmoqlari matbuot xizmati soliq qarzdorligini undirish bo‘yicha yangi mexanizm HET billing tizimi doirasida joriy etilishini Spot’ga tasdiqladi.

Bu tizim ham chiqindidan qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovlarni cheklash tartibida ishlaydi. Bunda jismoniy shaxslarning soliq qarzdorligi belgilangan miqdordan oshsa, elektr energiyasi uchun to‘lovlarda cheklovlar kiritiladi.


YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga davlat va moliyaviy xizmatlarni onlayn tarzda ko‘rsatish bo‘yicha maxsus huquqiy rejim joriy etiladi.

barcha zarur xizmatlarni qamrab oluvchi quyidagi raqamli platformalar yaratiladi:

  • YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish va to‘xtatish;
  • soliqlarni avtomatik hisoblash va to‘lash;
  • daromad deklaratsiyalarini avtomatik to‘ldirish;
  • operatsiyalarni real vaqt rejimida fiskallashtirish;
  • bank hisobvaraqlarini ochish, ulanish va boshqarish;
  • tovar va xizmatlar realizatsiyasi uchun hisob-kitoblar;
  • jismoniy shaxslar o‘rtasida o‘zaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish;
  • soliq va boshqa hisobotlarni avtomatik shakllantirish va yuborish;
  • aholi bilan hisob-kitoblarda raqamli platformalar orqali fiskal cheklarni shakllantirish va berish.

Masofaviy biometrik identifikatsiya va SMS orqali ro‘yxatdan o‘tish joriy etiladi. Shartnomalar va moliyaviy hujjatlarni elektron raqamli imzosiz, biometrik tasdiqlash va SMS orqali imzolashga ruxsat beriladi, bunday hujjatlar qog‘oz hujjatlar bilan teng kuchga ega bo‘ladi.

Shuningdek, raqamli platformalardagi elektron hamyonlar bank hisobvaraqlariga tenglashtiriladi;

tadbirkorlar uchun bank hisobvarag‘i ochish ixtiyoriy bo‘ladi.


Daromadi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilganlar aylanma solig‘i to‘laydi

YTT uchun qatʼiy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan daromadi 100 mln so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish tartibi ham bekor qilingan.

Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YTT va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1% miqdorida belgilanadi.


Transport

Ismni avtomobilga raqam sifatida qo‘yishga ruxsat beriladi

Uzavtomotobelgi davlat unitar korxonasiga aholining talab va taklifidan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari uchun “noyob” davlat raqami belgilarini ochiq kim oshdi elektron savdolari orqali berish huquqi berildi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zRTXB tizimida raqam belgilari bilan o‘tkaziladigan auksion, shuningdek, “chiroyli” raqamlarni yuqori narxlarda berish tartibi bekor qilinadi. Uning o‘rniga, maxsus harf va raqam kombinatsiyalari bo‘lgan davlat raqamlari jismoniy shaxslar va tashkilotlarga elektron murojaat asosida taqdim etiladi.

Auksionda oltitagacha harf yoki raqamlar kombinatsiyasidan iborat avtomobil raqamini sotib olish mumkin. Bunda “noyob” davlat raqami belgilari amaldagi davlat raqami belgilarini takrorlamasligi, qonunchilikka va axloqiy normalarga xilof ma’noga ega bo‘lmasligi kerak.

Masalan, endi ko‘chalarda “SARVAR”, “AZIZA”, “ODIL” yoki “BUXORO” deb yozilgan raqamli mashinalarni ko‘rish mumkin.


Toshkentda avtomobillarga ekostiker berish boshlanadi

Hukumat qarori bilan avtotransport vositalariga ekologik stikerlarni berish tartibi belgilangan. Ular quyidagi mezonlarga ko‘ra ekologik toifalarga ajratiladi:

— benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchi:

  • Yevro-2 va undan yuqori ekologik sinfiga (Yevro va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) kiruvchi avtomobillar — “toza”;
  • Yevro-0 va Yevro-1 — “o‘rta”.

— dizelda harakatlanuvchi avtomobillar:

  • Yevro-4 va undan yuqori — “toza”;
  • Yevro-3 — “o‘rta”;
  • Yevro-0, Yevro-1 va Yevro-2 — “zararli”.

Shuningdek, gibrid, muqobil yoqilg‘ida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan transport vositalari “toza” toifa oladi.

Ekologik toifa avtomatik tarzda “Avtomototransport hisobi” modulida belgilanadi, avtomobil sinfi noma’lum bo‘lsa, diagnostika tekshiruvi o‘tkaziladi. Natijadan norozi bo‘lgan avtomobil egalari qayta diagnostikadan o‘tishi mumkin, “o‘rta” yoki “zararli” toifa olganlar esa yiliga bir marta bepul tekshiruvdan o‘tib, toifani yaxshilash huquqiga ega. Keyingi diagnostika va ekostikerlar BHMning bir baravari — 412 ming so‘m evaziga beriladi.

Ekologik transport tizimi birinchi bosqichda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida joriy etiladi. U barcha turdagi avtomobillarning havoga chiqaradigan zararli moddalar miqdorini belgilangan me’yorlarga mosligini nazorat qiladi. Ekologik stikerlar ham ushbu tizim doirasida beriladi.

Ekostiker bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmaydi. Tizim doirasidagi jarimalar faqat 2028-yildan kuchga kiradi, ungacha esa haydovchilar uchun tushuntirish va tayyorgarlik davri bo‘ladi.


Moped va skuterlar uchun alohida haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi

Moped va skuterlarni boshqarish uchun A1 kichik toifasi joriy etiladi. Ushbu toifani olish istagida bo‘lganlar avtomaktablarda majburiy o‘quv dasturini o‘tamasdan, mustaqil tayyorlanib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazariy va amaliy imtihonlarni topshirishlari mumkin bo‘ladi.

“A”, “B”, “C”, “D” toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lganlar A1 kichik toifasidagi avtotransport vositalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishlari mumkin.

A1 kichik toifasidagi transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun nazariy imtihonda 20 ta testdan boshqa toifalardan farqli 18 ta emas, kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob berganlar nazariy imtihonni topshirgan deb hisoblanadi va amaliy imtihonga qo‘yiladi.


O‘zaviatsiya'ga budjetdan mablag‘ ajratish bekor qilinadi

2026-yildan Fuqaro aviatsiyasi agentligi (O‘zaviatsiya)ni saqlab turish uchun davlat byudjetidan mablag‘ ajratish to‘xtatiladi. Bundan tashqari, O‘zaeronavigatsiya markazi sof foydasining 20% ini agentlikni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish ham bekor qilinadi.


Majburiy avtosug‘urta summasi 80 mln so‘mga oshiriladi

Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta summasini 80 mln so‘mgacha (amalda 40 mln so‘m) oshirilishi belgilandi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bu YTH natijasida jabrlangan shaxslarning mol-mulkiga, hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar miqdorini qoplashga yo‘naltiriladigan mablag‘ning talab darajasida bo‘lishini ta’minlashini kutmoqda.


Qurilish

Ulushli qurilish faqat eskrou tizimi orqali amalga oshiriladi

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab ulushli qurilishda eskrou-hisobi tizimi joriy etildi. 2026-yildan boshlab ulushli qurilishni faqat eskrou-hisobvaraqlar orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Iyun oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tizim uchun dasturiy ta’minot allaqachon ishlab chiqilgan bo‘lib, sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Raqamli platformani yaratish va sinov loyihaga Rossiyaning DOM.RF kompaniyasi jalb qilinganini qayd etdi.

Undan keyin, vazirlik matbuot kotibi Saidnosir Usmonov eskrou tizimini joriy etish uy-joy narxining oshishiga olib kelmasligiga ishontirdi. Yangi tizim qurilishning shaffofligini oshirish va loyihalarning amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlashga qaratilgan.

Sherzod Hidoyatovning qayd etishicha, O‘zbekistonda eskrou tizimi ishlab chiqilgan, ammo qonunchilikka o‘zgartirish kiritish talab etiladi.


2 qavatdan yuqori ko‘p qavatli uylar majburiy instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkaziladi

2026-yildan 2 va undan yuqori qavatli barcha ko‘p kvartirali uy-joylar instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu tekshiruvni amalga oshiruvchi ixtisoslashgan loyiha tashkilotlari ro‘yxati shakllantirilib, “Shaffof qurilish” tizimida ularning reytingi yuritiladi.

Tizimda instrumental-texnik tekshiruv xulosalari asosida bino va inshootlarning texnik holati monitoringi yuritiladi.

Instrumental-texnik tekshiruv xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyoti tugatiladi hamda ushbu xulosalar faqat ijobiy bo‘lgan taqdirda, ko‘p kvartirali uy-joylardan kelgusida foydalanishga ruxsat beriladi.


Qurilishi boshlangan ko‘p kvartirali uy-joylarning balandligini oshirish taqiqlanadi

Kelgusi yildan milliy normativ hujjatlarga nomutanosib bo‘lgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralar talab etiladi. Bu choralar asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari ekspertizadan o‘tkaziladi. Ekspertizani faqat “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” davlat muassasasi amalga oshiradi.

Obyektlarning zilzilabardoshligi bo‘yicha ilmiy hamda loyiha hujjatlarining smeta qismidan tashqari shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyoti tugatiladi. Salbiy xulosalar loyiha tashkilotining “Shaffof qurilish"dagi reyting ballarini kamaytirishga asos hisoblanadi.

Qurilishi boshlangan ko‘p kvartirali uy-joylarga qo‘shimcha qavat qo‘shish yoki balandligini oshirish taqiqlanadi. Bunday o‘zgarishlar uchun hujjat tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ham man etiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan noqonuniy qurilmalarni buzdirish ishlari narxlari har yil uchun alohida belgilab boriladi.


Turar-joy majmualariga davlat tilida nom berish majburiy bo‘ladi

2026-yildan boshlab qurilayotgan turar-joy majmualari davlat tilida, til qoidalari va meʼyorlariga mos keladigan nomlarga ega bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, obyekt pasporti, qurilish maydonidagi vaqtinchalik to‘siqlar ustidagi peshlavhalar va boshqa yozuvlarda davlat tili qo‘llanilishi shart. Shuningdek, qurilayotgan obyektlar haqidagi reklama va eʼlonlarda davlat tilini ishlatish majburiy bo‘ladi.

Hududiy qurilish inspeksiyalarining qurilishni boshlash va obyektlarni foydalanishga topshirish uchun ruxsatnomalar berishdagi ishtiroki kengayadi. Quruvchi ularga mualliflik, texnik va ichki nazorat bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishi zarur bo‘ladi.


G‘isht ishlab chiqarishda soliq stavkasi 2 baravar oshiriladi

2026-yildan pishgan va xom g‘isht ishlab chiqarishda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi joriy yil uchun belgilangan stavkaga nisbatan 2 baravarga oshiriladi, 2027-yildan esa bosqichma-bosqich qo‘shimcha ravishda oshiriladi.


Moliya

O‘zbekistonda steyblkoinlarni tartibga soluvchi maxsus rejim joriy etiladi

2026-yildan to‘lov vositasi sifatida barqaror tokenlar (steyblkoin) aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.

Bunda ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi to‘lov tizimini yaratish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Markaziy bank bilan birgalikda “Tartibga solish qumdoni” rejimini joriy qilish tartibi va uning amal qilish muddatini belgilaydi.

1-yanvardan O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat beriladi.

O‘zbekiston hududida birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan fond birjalarida tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni joylashtirish hamda ularning muomalada bo‘lishi uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etiladi.


Fintex sohasidagi startap va mutaxassislar xarajatlari qoplab beriladi

Markaziy bank huzurida moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplar uchun innovatsion xab yaratiladi.

2026-yildan unda ishtirok etuvchilarga moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha kurslarda o‘qish va sertifikat olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Mablag‘lar xarajatlarning 50%igacha qismi, biroq $20 mingdan oshmagan miqdorda ajratiladi.

Inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarning moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startap loyihalariga mentor va trenerlarni jalb qilish xarajatlari qoplab beriladi. Ularning 50% igacha bo‘lgan qismi uchun $50 mingdan oshmagan miqdorda mablag‘ ajratiladi.


To‘lovlar

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi sug‘urta stajiga qarab belgilanadi

Sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda sug‘urtalangan shaxslarga 2026-yildan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab beriladi.

Bunda to‘lovlar turli shartlarda tayinlanadi. Jumladan, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni olish huquqi quyidagi davrlardan birida yuzaga kelganda:

  • sug‘urtalangan shaxslar ish beruvchi bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan davrda;
  • yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida xizmat ko‘rsatayotgan davrda;
  • qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan band bo‘lgan davrda.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olish uchun kamida 10 oy sug‘urta staji talab qilinadi. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun esa kamida 6 oy sug‘urta staji bo‘lishi shart.

Mazkur nafaqa mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha davr uchun to‘lanadi. Biroq to‘lov muddati bir kalendar yilda 182 kalendar kundan oshmasligi shart.

Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta stajiga mos ravishda, o‘rtacha oylik ish haqiga staj koeffitsiyentini qo‘llash orqali hisoblanadi.

  • 10 oydan 24 oygacha (24-oy ham kiradi) sug‘urta stajiga ega bo‘lganda — 75%;
  • 25 oydan 60 oygacha (60-oy ham kiradi) sug‘urta stajiga ega bo‘lganda — 85%;
  • 61 va undan ortiq oy sug‘urta stajiga ega bo‘lganda — 100%.

Sug‘urtalangan shaxslarga tayinlangan davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni to‘lash moliyaviy agent tomonidan amalga oshiriladi.


Chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlar faqat onlayn shaklga o‘tkaziladi

Kelasi yilning 1-yanvaridan boshlab jismoniy va yurdik shaxslar qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni barcha elektron to‘lov tizimlari orqali faqat onlayn amalga oshirishlari mumkin.

Endi uyma-uy yurib to‘lovlarni undirish to‘xtatilib, ularni qabul qilish va abonentlar hisobini yuritish faqat quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

  • agentlikning “Toza makon” billing tizimi;
  • elektron to‘lov tizimlari;
  • olis hududlardagi aholi punktlari uchun istisno tarzida bank kassalari, O‘zbekiston pochtasi pochta bo‘limlari orqali.

Chiqindi uchun to‘lov faqat bajarilgan ish bo‘yicha amalga oshiriladi

Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlariga haq to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi: endi sanitar tozalash sohasida iste‘molchilardan faqat ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bu orqali hisob-kitoblarni oson tekshirish va to‘lov cheklarini onlayn yuklab olish mumkinligini qayd etdi. Mablag‘lar agentlikning maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi. Ular hisobidan haq to‘lash belgilangan subyektlarga hisobga olishning yagona tizimi orqali to‘lab beriladi.


Kelajak markazlarida o‘qiganlik uchun badal miqdorlari belgilanadi

Qonunchilikka ko‘ra, “Kelajak” markazlarida o‘qiganlik uchun ota-onalar badali to‘lovi oyiga BHMga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • Toshkent shahrida — 30%;
  • viloyatlar markazlarida — 25%;
  • respublikaning qolgan tuman (shahar)lari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus va Xorazmning Urganch shaharlarida — 15%;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazmning qolgan tuman (shahar)larida — 10%.

Ayrim oilalar farzandlarining oromgoh xarajatlari qoplab beriladi

2026-yildan boshlab kambag‘al oilalarning “a'lo” baholarga o‘qiydigan farzandlarining oromgohlarda dam olishi va sog‘lomlashtirilishi xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Bu O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi oromgohlarga nisbatan tatbiq etiladi.


Boshqa

AQSH fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishlari mumkin bo‘ladi

Prezident farmoni bilan 2026-yil 1-yanvardan boshlab amerikaliklar uchun mamlakat hududiga kirgan kundan boshlab 30 kungacha vizasiz rejim amal qiladi.


O‘zbekistonning ayrim hududlarida yangi boshqaruv tizimi joriy etiladi

“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomidagi 33 ta tuman hokimliklarida tajriba-sinov tariqasida natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi.

Bunda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi davlat organlari faoliyatining maqsadli ko‘rsatkichlari va indikatorlarini ularga qo‘yilgan vazifalar asosida shakllantiradi. Shundan so‘ng hukumat tomonidan tasdiqlanadi.

Agentlik natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi hamda uning joriy etilishini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi. Maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilganligini samaradorlik.gov.uz elektron platformasi orqali baholashni tashkil etadi.

Tegishli vazifalarni bajarish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda zamonaviy yondashuv, zarur hollarda, qo‘shimcha bosqichlarni joriy etadi.


33 ta tumandagi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi joriy qilinadi

Kelgusi yildan 33 ta tumanda faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi.

Tuman darajasidagi ijro hokimiyati rahbarlari har 5 yilda, qoidaga ko‘ra, respublika hududlari doirasida boshqa tumanga rotatsiya qilinadi. Rotatsiya tuman bo‘linma rahbarlari, tuman hokimi va uning o‘rinbosarlariga birdek tatbiq etiladi.

Rotatsiya qilinadigan rahbarlar agentlikning hrm.gov.uz elektron platformasi orqali aniqlanadi. Rahbar yangi hududga o‘tishdan oldin hududning iqtisodiy va ijtimoiy holati bo‘yicha intensiv kursda o‘qitiladi.

Rotatsiya qilingan rahbar faoliyati agentlik tomonidan elektron platforma orqali onlayn tarzda monitoring qilinadi.


Xorijliklarni onlayn vaqtincha ro‘yxatga olish joriy etiladi

Kelasi yildan boshlab Yagona portal orqali chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi bo‘yicha bir yilgacha bo‘lgan muddatga vaqtincha ro‘yxatga olish amaliyoti joriy etiladi.


Notarial xizmatlarda pasport yoki ID-karta talab qilinmaydi

Notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notariusga O‘zbekiston fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish talabi bekor qilinadi.

Bunda fuqarolarning shaxsi ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali axborot texnologiyalaridan foydalangan holda identifikatsiya qilinadi hamda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali verifikatsiya qilinadi.


Yerdan noqonuniy foydalanish raqamli tizim orqali aniqlanadi

2026-yildan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, ularga tegishli choralar ko‘rishga oid vazifalar E-Yer nazorat tizimi orqali amalga oshiriladi.

Yerga oid huquqbuzarlik darajasiga ko‘ra hududlar quyidagi toifalarga bo‘linadi:

  • “qizil” — yerdan samarasiz foydalanish, o‘zboshimcha egallash ehtimoli yuqori;
  • “sariq” — yerdan samarasiz foydalanish, o‘zboshimcha egallash ehtimoli o‘rta;
  • “yashil” — yerdan samarasiz foydalanish, o‘zboshimcha egallash ehtimoli past.

Bunda “qizil” toifadagi hududlarda maxsus dronlardan foydalangan holda har chorakda kamida 1 marotaba, “sariq” toifadagi hududlarda maxsus samolyot yordamida har 6 oyda kamida 1 marotaba monitoring kuzatuvlari olib boriladi.


Davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilinganlar bilan bir yilga shartnoma tuziladi

2026-yildan boshlab davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan xodimlar bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yilga tuziladi. Undan keyin davlat xizmatchilari faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra ular bilan mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.

Davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilinganlar majburiy “Davlat xizmatiga kirish” maxsus kurslarini va keyinchalik har uch yilda kamida bir marotaba malaka oshirish kurslarini o‘taydi.

Bunda ularning nazariy bilim va ko‘nikmalari diagnostikadan o‘tkazilib, ularning tegishli soha va tarmoq bo‘yicha bilimi, hujjatlarni tuzish va davlat tilida ish yuritish ko‘nikmalari, tahliliy, rahbarlik va kommunikativlik malakalari hamda kompyuter savodxonligi aniqlanadi.

Shuningdek, 2026-yildan boshlab iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash bo‘yicha Top-100 dasturi joriy etiladi. Unda har ikki yilda bir marta 100 nafar salohiyatli boshqaruv kadrlarini saralab olish bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkaziladi.