Eron havo hududi yopilgani sababli bir qator aviareyslar jo‘nash aeroportlariga qaytishga majbur bo‘ldi. bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Fly One Asia aviakompaniyasining Madina — Toshkent yo‘nalishidagi 7Q7742 reysi, Madina — Farg‘ona yo‘nalishidagi 7Q4442 reysi Madina aeroportiga qaytib keldi.
Jazeera Airways aviakompaniyasining J9650 reysi (Toshkent — Quvayt yo‘nalishi), Toshkentdan mahalliy vaqt bilan soat 02:01 da uchib chiqqan bo‘lsa-da, yana Toshkent aeroportiga qaytdi.
Sam Air aviakompaniyasining Samarqand — Jidda yo‘nalishidagi 9S3303 reysi Samarqanddan mahalliy vaqt bilan 02:04 da havoga ko‘tarilib, Samarqand aeroportiga qaytib keldi.
Fly Khiva’ning Urganch — Madina yo‘nalishidagi 2U7911 reysi Urganchdan mahalliy vaqt bilan 02:17 da uchib chiqib, yana Urganch aeroportiga qaytdi.
Shuningdek, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY336 reysi (Jidda — Toshkent yo‘nalishi) ham Eron havo hududi yopilgani sababli Jidda aeroportiga qaytishga majbur bo‘ldi.
Eron chorshanba oqshomida AQSh bilan keskinlik kuchayishi fonida aksariyat kiruvchi va chiquvchi reyslar uchun o‘z havo hududini vaqtincha yopgan. Cheklovlar chorshanba kuni soat 22:15 dan payshanba kuni soat 00:30 gacha amal qilishi belgilangan edi. Keyinchalik uning muddati soat 01:14 dan 03:30 gacha uzaytirilgan.
Avvalroq Spot Uzbekistan Airways va Pobeda samolyotlari Qozog‘iston osmonida xavfli darajada yaqinlashgani haqida yozgandi. Hodisa jiddiy aviatsiya insidenti sifatida baholanib, Qozog‘iston Transport vazirligi tomonidan tekshiruv boshlandi, Pobeda esa xavf bo‘lmaganini bildirdi.
