Shavkat Mirziyoyev 14-yanvar kuni turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda turli hududlardagi bunyodkorlik rejalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Xiva shahrida Kongress markazi va tarixiy-etnografik bog‘ barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu inshootlar shaharda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazish va turistlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qurilishi rejalashtirilgan Konfutsiy instituti va Lu Ban ustaxonasida madaniy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun sharoitlar yaratiladi.

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish doirasida uning infratuzilmasini kengaytirish, yo‘lovchilar va yuklarga xizmat ko‘rsatish sifatini, logistika imkoniyatlarini oshirish orqali hududning transport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Urganch vokzalidan yangilangan aeroportga alohida temir yo‘l liniyasi tortilib, yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratiladi.

Mavjud Urganch-Xiva avtomobil yo‘lini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda unga muqobil bo‘ladigan yangi avtoyo‘l qurish rejalari taqdimot qilindi.

Shuningdek, Farg‘ona shahrida ekspomarkaz qurish loyihasi muhokama qilindi. Majmuada xalqaro ko‘rgazmalar, biznes forumlar va yirik tadbirlar o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.

Burxoniddin Marg‘iloniy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish loyihasi taqdimotida ma’naviy meros va ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishida xalqaro darajadagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish, zamonaviy ilmiy maktab shakllantirish ko‘zda tutilgani aytildi.

Buxoro davlat universitetining yangi kampusini barpo etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Unda professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun qulay ta’lim va ilmiy muhit yaratish zarurligiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, Toshkent shahrida badiiy gimnastika majmuasini qurish rejalashtirilgan.

Prezident loyihalarni amalga oshirishda sifat, qulaylik va zamonaviy talablarga qat’iy rioya qilish, shaharsozlik madaniyatini yuksaltirish hamda aholi ehtiyojlarini inobatga olish muhimligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq Spot Farg‘onada turistik-rekreatsion zona tashkil qilinishi haqida yozgandi.