Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan avtomashinalar qanday holatda “antikvar” transport vositasi sifatida qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bo‘yicha tushuntirish berdi.

Talabga ko‘ra, avtomobilning asl holati, tashqi ko‘rinishi, tuzilishi va asosiy agregatlari saqlangan bo‘lishi shart. Shunda unga yangicha davlat raqam belgilari beriladi.

Asosiy agregatlar jumlasiga dvigatel va yoqilg‘i turi, uzatmalar qutisi, dvigateldan chiqqan kuchni g‘ildiraklarga uzatuvchi debriyaj (ssepleniye), tormoz va rul boshqaruv tizimlari, shuningdek, datchiklar kabi elektr jihozlari kiradi.

Bundan tashqari, salon o‘rindiqlarining joylashuvi va shakli ham o‘zgarmagan bo‘lishi lozim.

Agar transport vositasi ushbu talablarga javob bermasa, u antikvar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. So‘ng belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Hukumat qarori bilan “antikvar” avtomototransport vositalari uchun ham maxsus seriyali davlat raqam belgilari belgilangandi.

O‘tgan yilning oktabrida muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasida antikvar avtomobillar uchun alohida davlat raqami qanday ko‘rinishda bo‘lishi ilova qilingandi. Xususan:

  • I-6 va III-3 tip — ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari yuridik hamda jismoniy shaxslarga;
  • IA-4 tip va IIIA-3 tip — ikki qatorli ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari yuridik ham jismoniy shaxslarning “antikvar” turidagi yuk avtomobillari va avtobuslarga, shuningdek, mahkamlash joyi I-tipdagi va III-tipdagi ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami gabaritlariga muvofiq bo‘lmagan “antikvar” yengil avtomobillariga orqa tomonga mahkamlash uchun;
  • XI-4 tip — “antikvar” mototsikllar va elektromototsillar uchun ikki qatorli ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari.

antikvar, avtomobillar, avtotransport, davlat raqami

Ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarining foni olovli rangda, chetki qismi, raqam va harflari qora rangda tasvirlanadi. Shuningdek, hudud kodi, O‘zbekiston bayrog‘i va UZ harflari mavjud bo‘ladi.


Avvalroq haydovchilarning dam olish rejimini buzganlik uchun javobgarlik belgilangandi.