O‘zbekistonda soliq imtiyozlari adolat tamoyili asosida taqdim etiladi. Bu haqda 17-fevral kuni bo‘lib o‘tgan soliq forumida qo‘mita raisining o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasining kelgusida amalga oshirilishi belgilangan rejalari qatorida soliq imtiyozlarini qo‘llashda samaradorlikka e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan.

“Biz soliq imtiyozlarini adolatli yo‘nalishga burmoqchimiz. Bu qanday yo‘nalish? Har bir soliq stavkasini samaradorlik tamoyili asosida belgilashni rejalashtiryapmiz. Joriy yildan boshlab bunday tartib mol-mulk va yer soliqlariga nisbatan qo‘llanilmoqda. Tasavvur qiling, 6,5 mingta korxona mol-mulk va yer soliqlaridan (gap soliq imtiyozlari haqida ketmoqda — Spot izohi) foydalanib, bir so‘m ham tovar aylanmasini ko‘rsatmagan, birorta ham ishchi yollamagan, faqatgina “yagona darcha"dan ro‘yxatdan o‘tgan bitta direktor bilan ishlagan va unga ham ish haqi hisoblamagan”, — dedi Abdiyev.

Soliq qo‘mitasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda olib borilgan tahlillarga ko‘ra, 13−17 gektar yer maydonida sanoat majmualariga ega bo‘lgan ayrim tashkilotlar ham soliq imtiyozlaridan foydalangan.

Jahongir Abdiyev soliq imtiyozlari davlat tomonidan soliq to‘lovchilar bajarishi kerak bo‘lgan majburiyatlar uchun beriladigan yengillik yoki preferensiyalar ekanligini qayd etdi.

“Davlat tomonidan yengillik yoki preferensiyalar berilayotgan bir vaqtda, soliq to‘lovchi tomonidan ham „salomga yarasha alik“ bo‘lishi kerak. Uning yo‘qligi uchun ham adolatlilik tamoyili, ya’ni resurs soliqlari bo‘yicha soliq imtiyozlarining tovar aylanmasidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanishi birinchi qadamdir. Yaqin yillarda amalga oshiriladigan ishlarimizda shunga urg‘u beriladi”, — deya ta’kidladi u.

Joriy yildan boshlab yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar shartlari kuchaytirildi. Imtiyozlar faqat yil yakunlari bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta shartlar bajarilganda qo‘llaniladi:

  • tovar va xizmatlarni sotishdan olingan daromad soliq imtiyozlari miqdoridan oshishi kerak;
  • xodimlarning o‘rtacha yillik soni kamida 3 kishini tashkil etishi lozim;
  • har bir xodimning minimal ish haqi kamida MHTEKMning 2 baravaridan (2,542 mln so‘m) kam bo‘lmasligi kerak.

Shartlarga moslikni baholash uchun kompaniyaning aniqlashtirilgan soliq hisoboti, u bo‘lmagan taqdirda esa oldingi 12 oy davomida tovar va xizmatlarni sotish bo‘yicha aylanma to‘g‘risidagi ma‘lumotlar qo‘llaniladi.

Byudjet va notijorat tashkilotlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalar, mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi bitimlar ishtirokchilari, 2026-yilgacha EIZdagi yuridik shaxslar va ish haqining 50%ini oladigan nogironligi bo‘lgan xodimlarning kamida yarmi bo‘lgan kompaniyalar bundan mustasno.

Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi QQS va foyda solig‘i stavkalari pasaytirilishi mumkinligini istisno qilmagani haqida yozgandi.