Avvalroq Spot Oliy Majlis Senati yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonunni ma’qullagani haqida yozgan edi. Hujjatda avtomobil yo‘llarini loyihalash va ulardan foydalanishning asosiy prinsiplari ko‘zda tutilmoqda.
Senator, Nuroniy jamg‘armasi Andijon viloyati bo‘limi raisi Uktamjon Axunovning aytishicha, pulli avtomobil yo‘llari faqat prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida, shuningdek, bepul muqobil yo‘l mavjud bo‘lgandagina tashkil etilishi mumkin.
U Transport vazirligiga pulli yo‘llar bo‘yicha bir qator savollar bilan murojaat qildi:
- yo‘l haqi qanday mezonlar asosida belgilanadi;
- tariflarning asossiz o‘sishini oldini olish uchun qanday cheklovlar nazarda tutilgan;
- kun vaqti, transport turlari va fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari uchun tariflarni tabaqalashtirish qanday ta’minlanadi;
- pulli yo‘llardan tushadigan mablag‘larni taqsimlash masalasida ommaviy shaffoflik ta’minlanadimi.
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov narx belgilash metodologiyasini tasdiqlash vakolatini Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazish taklif etilayotganini ma’lum qildi. Tariflar yo‘lning uzunligi, tuman darajasidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, tranzit salohiyati hamda transport turlari va tashiladigan yuklarni hisobga olgan holda belgilanadi.
“Hozir katta loyihalar ustida ishlayapmiz. Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha tender jarayonlari yakunlanmoqda. Bu yo‘llar 3−4 ta hududdan o‘tgani sababli, [narx belgilash] mezonlari asosan tranzit salohiyati, shuningdek, transport turlari — yengil va yuk transporti hamda tashiladigan yuk turlari hisobga olingan holda belgilanadi”, — deya tushuntirdi u.
Bundan tashqari, pulli yo‘l operatorlariga tig‘iz soatlarda yoki talab oshganda, shu jumladan noqulay ob-havo sharoitida yo‘l haqini sun’iy ravishda oshirish taqiqlanadi. Vazirlar Mahkamasi Transport vazirligi bilan birgalikda pulli yo‘llarda yurish uchun to‘lovning cheklangan darajasini belgilaydi.
Bundan tashqari, Shaffof Yo‘l platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, unda transport loyihasining amalga oshirilishi va mablag‘lar sarfi dinamikasini kuzatish mumkin.
Jamshid Tursunov pullik qatnovdan tushadigan mablag‘lar taqsimoti haqidagi savolga javob berar ekan, Urganchdan Xivagacha qurilayotgan va joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan pulli yo‘lni misol qilib keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘larning bir qismi yo‘lni saqlashga, qolgan qismi esa g‘aznachilikka yo‘naltiriladi.
Keyingi davlat-xususiy sheriklik loyihalarida kontraktlarda mablag‘lar hajmi va ulardan foydalanish maqsadlari aniq belgilab qo‘yiladi. “Bu haqdagi ma’lumotlar Shaffof Yo‘l platformasiga joylashtiriladi”, deya qo‘shimcha qildi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari.
2025-yil oktabr oyida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bosh yuridik maslahatchisi Hasan Umarov pulli yo‘llarda yurish chegirmani hisobga olgan holda tezlikni 20 km/soatgacha oshirganlik uchun jarimadan arzonroq tushishini ma’lum qilgan edi. 200 km masofani bosib o‘tish 100 ming so‘mga tushadi.
Noyabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev pulli yo‘llarda yo‘l haqi bir kilometr uchun 5 sentdan kam bo‘lishini bildirdi. Yakuniy tariflar moliyalashtirish shartlari, xususiy sherik va DXSH loyihasini amalga oshirish muddatlariga bog‘liq bo‘ladi.
Avvalqor Spot Buyuk Ipak Yo‘li metrosi yaqinida ikki qavatli chorraha va BRT yo‘lagi qurilishi haqida yozgan edi.

