X ijtimoiy tarmog‘i obunasi yo‘q akkauntlar uchun kunlik postlar limitini joriy qildi.
Premium obunasi bo‘lmagan foydalanuvchilar kuniga ko‘pi bilan 500 ta shaxsiy xabar yuborishlari va 50 tagacha post joylashlari mumkin.
Shuningdek, javoblar va obunalar soni ham cheklangan — kuniga mos ravishda 200 va 400 tadan oshmasligi kerak.
Kunlik limit doirasida yarim soat ichida yuborish mumkin bo‘lgan postlar va javoblar soniga ham cheklov mavjud. Kompaniya tafsilotlarni keltirmadi.
Avvalroq kunlik cheklov 2400 ta postni tashkil etib, barcha foydalanuvchilar uchun amal qilgan. O‘zgarish taxminan 16-may kuni kuchga kirdi.
O‘sha vaqtlarda foydalanuvchilar post e’lon qilishga urinayotganda xatoliklar yuz berayotganidan ommaviy tarzda shikoyat qila boshlagan edi.
Postlar cheklovidan tashqari, verifikatsiyadan o‘tmagan akkauntlar uchun boshqa cheklovlar ham mavjud: kuniga 500 tadan ko‘p bo‘lmagan shaxsiy xabar va kuniga 400 tadan ortiq bo‘lmagan yangi obuna.
Platforma bunga rasmiy izoh sifatida infratuzilma ishonchliligini ta’minlash va nosozliklar sonini kamaytirish zaruratini keltirmoqda.
Eng yuqori yuklanish vaqtida cheklovlar vaqtinchalik qo‘shimcha ravishda pasaytirilishi mumkin. Cheklovlar barcha qurilmalar va ilovalar, jumladan, API orqali ulangan uchinchi tomon dasturlari uchun ham umumiy hisoblanadi.
Avvalroq Spot OpenAI foydalanuvchilarni biometrik tekshirish orqali botlar muammosini hal qilish maqsadida ijtimoiy tarmoq yaratishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.