25-iyun kuni Mayamidagi 11-okrug apellyatsiya sudida AQSH Soliq xizmati va The Coca-Cola Company korporatsiyasi o‘rtasida apellyatsiya ishi ko‘rib chiqilishi boshlanadi.

The Wall Street Journal (WSJ) ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shimcha hisoblanishi mumkin bo‘lgan soliqlar va jarimalarning umumiy miqdori $20 mlrddan oshadi.

Nizo kompaniyaning 2007−2009-yillardagi soliq deklaratsiyalari bilan bog‘liq. AQSH Soliq xizmati (IRS) ta’kidlashicha, Coca-Cola daromadlarni Irlandiya, Braziliya, Meksika va Kosta-Rikadagi xorijiy bo‘linmalarga bozor narxlaridan past bo‘lgan transfer narxlari orqali qayta taqsimlab, AQShdagi foydasini kamaytirib ko‘rsatgan.

The Wall Street Journal nashrining yozishicha, da’volar faqat o‘tgan davr bilan cheklanib qolmaydi.

Agar sud nazorat organining pozitsiyasini ma’qullasa, qo‘shimcha hisoblangan soliqlar 2025-yilgacha bo‘lgan davrni ham qamrab olishi mumkin.

Bunday holatda qo‘shimcha majburiyatlar taxminan $14 mlrdga baholanmoqda.

Avvalroq AQSH Soliq sudi 2020-yilda davlat pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, Coca-Cola foydani taqsimlash usuli bosh kompaniyaning brend va ichimlikning maxfiy formulasi kabi nomoddiy aktivlardan olgan daromadlarini kamaytirib ko‘rsatganini tan olgan edi.

Shu qaror natijasida kompaniya budjetga qariyb $6 mlrd to‘lagan. Endi esa Coca-Cola hukmni qayta ko‘rib chiqish hamda to‘langan mablag‘ni foizlari bilan qaytarishni talab qilmoqda.


Avvalroq Spot Coca-Cola bosh direktori lavozimidan ketayotgani haqida yozgandi.

Kompaniyani 2017-yildan boshqarib kelayotgan Jeyms Kuinsining o‘rniga bosh operatsion direktor Enrike Braun tayinlanadi.