Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonda bond omborlari faoliyatini tashkil etish va ular orqali tovarlarni sotish tartibini tasdiqladi.

Qaror elektron tijorat sohasini rivojlantirish hamda xorijdan buyurtma qilingan mahsulotlarni xaridorlarga tezroq yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Hujjat bilan:

  • bond omborlarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi;
  • maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga chakana savdo qilishning vaqtinchalik nizomi tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, Bojxona qo‘mitasi bond omborlari reyestrini yuritadi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi esa maxsus elektron savdo platformalari reyestrini shakllantiradi va boshqaradi.

Shuningdek, tovar xaridorga yetkazib berilgunga qadar uning sotilishi haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Buning uchun qaror kuchga kirgach, ikki oy ichida Bojxona qo‘mitasi o‘z axborot tizimlarini bond omborlari operatorlari tizimlari bilan, Soliq qo‘mitasi esa maxsus elektron savdo platformalari axborot tizimlari bilan integratsiya qiladi.

Bond omborlari — bu import qilingan mahsulotlar bojxona nazorati ostida saqlanadigan omborlar bo‘lib, xaridor buyurtma berganidan keyingina bojxona rasmiylashtiruvi yakunlanadi.

Bunday tizim yetkazib berish muddatini qisqartirish, logistika xarajatlarini kamaytirish va xalqaro marketpleyslarning O‘zbekiston bozorida ishlashini yengillashtirishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot prezident 1-iyuldan O‘zbekistonda bond omborlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgandi.

Tajriba ikki yil davom etadi. Uning doirasida marketpleyslar faqat shaxsiy ehtiyojlar uchun bond omborlaridan tovarlarni sotishlari mumkin bo‘ladi.