Shavkat Mirziyoyev yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv ta’minotini yaxshilash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Unda yil yakunigacha 620 ming gektar, 2027-yilda esa 3,7 mln gektar yaylovni qayta tiklash va hosildorligini oshirish vazifasi belgilandi.
O‘zbekistonda jami 21,255 mln gektar yaylov mavjud bo‘lib, ularning atigi 40% idan samarali foydalanilmoqda. Degradatsiyaga uchragan maydonlarni joriy yilda 10% ga, kelasi yili esa 20% ga qisqartirish bo‘yicha kompleks dasturlar tasdiqlanadi.
Yaylovlarning suv ta’minotini yaxshilash uchun qo‘shimcha 448 ta quduq qaziladi, yil yakunigacha esa 1600 ta quduq ta’mirlanadi.
Shuningdek, budjetdan ajratilgan 100 mlrd so‘m hisobidan 2026−2028-yillarda jami 323 ta sug‘orish inshooti quriladi. Bu 969 ming gektar yaylovni tiklash imkonini beradi.
Bundan tashqari, yil yakunigacha 470 ta mahallaga 627 ming gektar yaylov 49 yilga bepul ijaraga beriladi. Ushbu yerlar soliqdan ozod qilinadi.




Yangi tartibga ko‘ra, yaylovlarning toifasini o‘zgartirmasdan ularda chorvachilik komplekslarini qurishga ham ruxsat beriladi.
Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida jami 130 gektar maydonda 55 ming boshdan ortiq chorvaga mo‘ljallangan 15 ta kompleks qurish rejalashtirilgan.
Shuningdek, yaylovlardan ekoturizm, asalarichilik, dorivor o‘simliklar yetishtirish, ko‘chatchilik, ovchilik va pillachilik uchun ham foydalanishga ruxsat beriladi. Bunda yaylovlarning tabiiy holatini saqlash va qayta tiklanishini ta’minlash talab etiladi.
Mutasaddilarga yaylovlarni tiklash, suv va ozuqa bazasini mustahkamlash, aholi hamda tadbirkorlar uchun belgilangan yangi imkoniyatlarni joylarda amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot 2030-yilgacha 938 ming gektar yaylovni o‘zlashtirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.



