Alisher Ismatovich Kuchiyev prezidentning iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning farmoyishiga tayanib xabar berdi.
LinkedIn’dagi sahifasiga ko‘ra, Kuchiyev 2024-yil oktabrdan 2026-yil oktabrgacha Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankida (AIIB) investitsiyalar bo‘yicha tahlilchi bo‘lib ishlagan.
Bungacha u O‘zbekiston to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasida turli lavozimlarda, jumladan, investitsiyalar direktori va investitsiyalar menejeri sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, Rossiyaning Milestone Capital va Gazprom International kompaniyalarida ishlagan.
U Sankt-Peterburgdagi Oliy iqtisodiyot maktabida davlat boshqaruvi bo‘yicha bakalavr, keyinchalik biznesni boshqarish va tahlil yo‘nalishlarida magistr darajalarini olgan. Shuningdek, Italiya va Ispaniyadagi biznes maktablarida tahsil olgan.
Avvalroq Spot Chilonzor tumanini boshqarib kelgan Saidqahhor Xolxo‘jayev investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgani haqida yozgan edi.