Ravon avtomobillari yana Rossiyaga yetkazib berila boshlandi. Narxlar ikki barobarga oshishi mumkin, deb yozadi “Российская газета”.

Xabarga ko’ra, Ravon avtomobillari Ufa avtosalonlariga yetib kelgan, ammo ular xaridorlarga taklif qilinmayapti. Biroq, sotuv jarayoni boshlanganda ham, avtomobillarga ilgaridek talab bo’lmaydi. Gap shundaki, ularning narxi deyarli ikki barobar ortishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, R3 1 000 050 rubl, R4 — 1 089 000 rubldan sotilishi mumkin, ilgari ular 579 ming va 629 ming rublni tashkil etgan.

“Narxlar hali tasdiqlanmagan, shuning uchun avtomobillarni hozircha sotib olish mumkin emas”, — dedi “RG” ga Ufa avtosaloni menejeri.

Uning so’zlariga ko’ra, narxlar bir million rubldan ortishi mumkin. Boshqacha aytganda, Ravon avtomobillari byudjet kategoriyasidan chiqib ketadi. Ehtimol, ayrim dilerlar bunday hamkorlikning befoyda ekanini tushunib, O’zbekiston kompaniyasi bilan ishlashdan bosh tortishadi.

Rossiyada Ravon avtomobillarining yetishmovchiligi 4 oy davomida kompaniya bitta dona bo’lsa ham avtomobil sotmasligiga olib kelgan edi.

So’nggi marta kompaniya tomonidan may oyida 508 dona avtomobil sotildi. O’sha paytning o’zidayoq kompaniya dilerlik markazlarida avtomobillar qolmadi.

Avtomobil yetishmovchiligi:

  • Rossiya bozoridagi narxlarni qaytadan ko’rib chiqilishi;
  • kompaniyaning biznes modeli o’zgarishi sababli yuzaga kelgan deya ta’kidlangan.