Rossiyaning “Atlant” MCHJ kompaniyasi qoshida Chelyabinsk shahrida “O‘zRTXB” AJning yangi xorijiy savdo maydonchasi o‘z ishini boshladi, deb xabar beradi Tovar xomashyo birjasi (O‘zRTXB) matbuot xizmati.
Rossiyadagi O‘zbekiston birjasining birinchi savdo maydonchasi Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi ko‘magi ostida tashkil etildi.
“Ayni vaqtda Birja savdolarining elektron tizimiga ulangan yangi savdo maydonchada birja savdolari va „O‘zRTXB“ AJ internet savdolarida ishtirok etish uchun xorijiy mijozlardan buyurtmalar qabul qilinmoqda”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston va Rossiya tadbirkorlari elektron savdo tizimi orqali standartlashtirilgan birja tovarlaridan tashqari keng turdagi boshqa mahsulotlarni ham erkin sotish yoki sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ilgari Spot Tovar xomashyo birjasining Xorijiy, Minsk va Xitoydagi savdo maydonchalari ish boshlagani haqida xabar bergan edi.