Olma-ota shahrida Birja savdolarining elektron tizimi (BSET) ga ulangan “O‘zRTXB” AJ (Tovar xomashyo birjasi) ning xorijdagi savdo maydonchasi ish boshladi, deb yozadi “O‘zRTXB” matbuot xizmati.

Savdo maydonchasining ta’sischisi Qozog‘istonning “Alta va K” MCHSh brokerlik kompaniyasi bo‘lib, shirkat “O‘zRTXB” AJ da akkreditatsiyadan o‘tgan ilk xorijiy brokerlik kompaniyasi ham hisoblanadi.

Ayni vaqtda “Alta va K” MCHSh “O‘zRTXB” AJ bilan hamkorlikda Qozog‘iston kompaniyalarining birja savdolarida ishtirok etishini tashkillashtirmoqda, hamda qozog‘ va o‘zbek tovar ishlab chiqaruvchilarini birja savdolariga keng jalb qilish maqsadida marketing tadbirlarini o‘tkazmoqda.

“Ilk bosqichda mazkur savdo maydonchasi orqali mahalliy yuqori likvidli tovarlar xususan, polietilen, polipropilen, paxta va rangli metallarni Qozog‘istonga sotilishi, shuningdek, O‘zbekistonga don mahsulotlari, ko‘mir va sementni import qilinishi ko‘zda tutilgan”, deyiladi xabarda.

“O‘zRTXB” AJ ning xorijiy mamlakatlardagi savdo maydonchalarini kengaytirilishi quyidagilarga ko‘mak beradi:

  • Birja savdolarining ochiq mexanizmini qo‘llash orqali mahalliy tovarlarni faol ravishda tashqi bozorlarga olib chiqish;
  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan yoki kam miqdorda ishlab chiqariladigan tovarlarning ichki narxlarini barqarorlashtirish;
  • Birja savdolarida ishtirok etish jarayonining soddalashtirish yo‘li bilan eksport-import operatsiyalarini intensifikatsiyalash;
  • O‘zbekistonning ochiq va oshkora narx ko‘rsatkichlari ega bo‘lgan mamlakat sifatida investitsion jozibadorligini oshirish.