Havoqand People (Les Ailes, Chopar Pizza, va Uzburger Bro) kompaniyalar guruhi asoschisi Axmad Meliboyev Facebook’dagi sahifasida Les Ailes’da yuz bergan o’zgarishlar haqida ma’lum qildi.

Axmad Meliboyev so’zlariga ko’ra, brend yaxshi tanish va mashxur, lekin yangi vazifalar yo’lida uni o’zgartirish maqsadga muvofiq bo’lgan:

“Men ushbu loyiha negizida uni qamrab oladigan tashabbuslarni ko’rmoqchiman. Bu esa albatta o’z navbatida keng jamoatchilik e’tirofiga, brendning shakllanishiga, yorqin iste’dodlarni jalb qilish hamda yangi marralarni zabt etishga xizmat qiladi”, deb yozadi tadbirkor.

Uning so’zlariga ko’ra, o’zgarishlar faqatgina tashqi ko’rinishdagina emas, balki birinchi o’rinda ichki tuzilmalarda ham amalga oshirildi. Keng ko’lamli va tarkibiy o’zgarishlar — avvalo bilim jihatdan yuksalishdir. Kompaniya deganda birinchi navbatda insonlar tushuniladi.

“Les Ailes qiyofasini ozgartirish barobarida, men yuqori samaradorlikni ta’minlovchi boshqaruv tizimini shakllantirishni ham maqsad qildim. Endi bu brend uchun yangi yo’nalish va yangi ish rejasi bo’lib xizmat qilmoqda”, deb yozadi Meliboyev.

U brendni O’zbekistondan tashqarida ham ko’rish istagida. Tadbirkor buning uchun mahsulotlarni raqobatbardosh bo’lishi bilan bir qatorda takroriy logotiplardan foydalanganlik va boshqa shunga o’xshash ehtimoliy tanqidlarga uchramaslikka ham harakat qilganligini qayd etdi.

O’zgarishlarni Rossiyaning Yellowbrand agentligi amalga oshirdi.