Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi restoran bizesi sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy tadbirkorni unga tegishli bo‘lgan tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holatidan himoya qildi.

Qo’mitaga Artisan bread MCHJ (O‘zbekiston) tomonidan Cranberry MCHJning bir kafesiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida"gi Qonuning 13 moddasiga asosan chora ko‘rish to‘g‘risidagi murojaati tushdi.

Murojaatda aytilishicha, kafe egasi bo‘lgan Cranberry MCHJ tomonidan Artisan bread MCHJga tegishli bo‘lgan Breadly tovar belgisidan noqonuniy foydalanilgan, ya’ni taomnomadagi taomlarni nomini “Bredli nonushtasi” deb nomlab, ijtimoiy tarmoqlarda keng reklama qilinmoqda.

Artisan bread jamiyati amal qilish muddati 10 yil bo‘lgan Breadly tovar belgisini egasi bo‘lib, ushbu tovar belgisi belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida ro‘yxatdan o‘tgan.

Murojaatni ko‘rib chiqish natijasida Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilindi va Cranberry MCHJga ko‘rsatma berildi.

Ushbu ko‘rsatmaga asosan qonunbuzuvchi Artisan bread jamiyatiga tegishli bo‘lgan Breadly tovar belgisi ostida tovarlarni sotishni va ko‘rsatilayotgan xizmatlarini reklama qilishni to‘xtatishi shart.