2018 yil 9 martdagi shartnomaga ko‘ra, sobiq “Chorsu” mehmonxona majmuasi Inter Tourism MChJ shaklidagi xorijiy korxonaga 33 mln $ miqdorida investitsiya kiritish orqali sotilgan.

Hamda 270 o‘ringa mo‘ljallangan 4 yulduzli mehmonxona majmuasini qurish va 350 ta yangi ish o‘rinini yaratish sharti qo’yilgan edi.

Xorijiy korxona tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 2 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilingan, xabar beradi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.

Hukumatning tegishli topshirig‘iga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi sobiq “Chorsu” mehmonxona majmuasidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida, mazkur obyektni investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan takroran ommaviy savdolarga chiqarishni ko‘zda tutgan.

Ayni damda Vazirlar Mahkamasi qarorining loyihasi tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Yanvar oyida Ahmet Demir “Chorsu” mehmonxonasini rekonstruksiya qilish ishlari nega sustlashganiga izoh berdi. Turkiyalik tadbirkor mehmonxonaning rekonstruksiya qilish ishlari ko‘ngildagidek emasligi, qog‘ozbozlik muammosiga duch kelayotganini ta’kidladi.

Uning so’zlariga ko’ra, yirik inshootda namunali xizmat ko’rsatish uchun qo’shimcha yer kerak bo’lib, Toshkent shahar hokimiyati va boshqa mutasaddilarga qo‘shimcha yer maydoni ajratish bo‘yicha murojaat etilgan. Natijada, yana 3 gektar yer qo‘shib berilishini va’da qilingan. Ammo bugungi kunga qadar yer taqdim etilmagan.

Toshkent shahar hokimi Demir Group O‘zbekistonga 30 million $ miqdorida investitsiya kiritish hisobiga “Chorsu” mehmonxonasini mutlaqo tekinga olganini va tashqaridan O‘zbekistonga 30 million $ miqdorida investitsiya kiritmaganligini qayd etdi.

Demir Group kompaniyaga qarashli Toshkentda yangi ochilgan restoran “Chorsu” mehmonxonasi biznesining bir qismi bo’lib, shu orqali mehmonxonada servis xizmatini ko‘rsatuvchi personalni shakllantirib borilishi haqida ma’lum qilgan edi.