Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Bangladeshning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Jahongir Alam bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Viloyat hokimligi maʼlum qilishicha, tadbirda Farg‘onadan Bangladeshga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yish, ziyoratchi turistlarni jalb etish, to‘qimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqish masalalari xususida fikr almashildi.

Farg‘ona viloyatining to‘qimachilik sohasidagi ulkan imkoniyatlarini qayd etgan Jahongir Alam bunday mahsulotlar eksport hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lgan Bangladeshning ilg‘or kompaniyalari viloyatda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.

O‘z navbatida, Farg‘ona viloyati hokimi dunyo bozorida o‘z mustahkam o‘rniga ega bo‘lgan Bangladesh to‘qimachilik kompaniyalarining hududda amalga oshiradigan loyihalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi. Hamkorlik ko‘lamidan kelib chiqib viloyatda Bangladesh kompaniyalari uchun maxsus erkin iqtisodiy zona tashkil etish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi.

Bangladeshlik sayyohlarni Farg‘ona viloyati bo‘ylab ziyorat turizmiga jalb etish, “Farg‘ona-Dakka-Farg‘ona” aviaqatnovini yo‘lga qo‘yish, taʼlim sohasida mutaxassislar almashinuvini tashkil etish masalalari xususida ham so‘z yuritildi.