Samarqandning turistik salohiyatini oshirish maqsadida joylarda bir qator turistik makonlar tashkil etiladi. Bu haqda viloyat turizmni rivojlantirish departamenti boshlig’i Dilshod Narziqulov xabar beradi.

Unga ko’ra, Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasi “turistik mahalla"ga, Urgut tumanidagi Tersak qishlog‘i “turizm qishlog‘i”ga aylantiriladi. Samarqand shahridagi Alisher Navoiy va Islom Karimov ko‘chalari ham turizm ko‘chasi bo‘ladi.

Pandemiyaning soha rivojiga ko’rsatgan ta’siri katta bo’ldi. Ammo shunga qaramasdan o’tgan yilda bir qator loyihalar amalga oshirilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2020 yil davomida umumiy qiymati 306,6 milliard so‘mlik 74 ta investitsion loyiha amalga oshirildi, 763 nafar yangi ish o‘rinlari yaratildi. Jumladan, 17 ta mehmonxona, 29 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta xostel, “turizm qishlog‘i”, “turizm ko‘chasi”, 9 ta ekoturizm maskani tashkil etildi.

“Bu ishlar joriy yilda yana ham keng ko‘lamda davom etadi, 2021−2022 yillarda viloyatimizda mahalliy va xorijiy tashabbuskorlar tomonidan jami qiymati 3 trillion 337 milliard so‘m bo‘lgan 126 ta loyihani amalga oshirish hamda 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Bu loyihalarning salmoqli qismi joriy yilda amalga oshiriladi. Urgut tumanida Qoratepa-Omonqo‘ton tog‘ turizmi klasteri tashkil etish rejasi ishlab chiqilgan”, deydi Dilshod Narziqulov.

Shuningdek:

  • “Konigil turizm qishlog‘i"da bu yil ikkinchi bosqichda qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Hozirda bu yerda 92 ta turistik obyekt va xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Umumiy uzunligi 2,2 kilometr, maydon 7,1 gektar bo‘lgan hudud tanlab olindi. Ushbu hudud lotlarga ajratilgan holda hunarmand va tadbirkorlarga taqdim etiladi.
  • Turistlarga qulaylik yaratish maqsadida Samarqand eshkak eshish kanali atrofida tashkil etilayotgan turistik markazdan Konigil turizm qishlog‘i bo‘ylab Registon maydonigacha bo‘lgan hududda piyodalar yo‘lagi va veloyo‘laklar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
  • Samarqand shahar Bog‘ibaland mahallasi hududida Xo‘ja Ishoqi Vali masjidi mavjud. Ushbu tarixiy maskanni yana ham obod qilish va sayyohlik ob’yektlari qatoriga qo‘shish maqsadida Xo‘ja Ishoqi Vali ziyoratgohi barpo etiladi.

Bugungi murakkab sharoitda mazkur loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ushbu jarayonda tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida byudjetdan tashqari turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turizm sohasidagi “startap” loyihalar va innovatsion biznes g‘oyalarni, shu jumladan birinchi navbatda turistlar uchun qulayliklar yaratishga yo‘naltirilgan axborot dasturlari va xizmatlari 1,5 milliard so‘m miqdorida qisman subsidiyalanadi.

Shuningdek, 2020-yil 1 iyundan 2021-yil 31-dekabrga qadar bo‘lgan davrda yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlarini ishlab chiqish va targ‘ib qilishga gidlar uchun 5 million so‘m, turoperatorlar uchun 10 million so‘m miqdorida grantlar ajratish orqali qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.