Joriy yilning 8-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi. Bu xabarga Toshkent shahar hokimiyati matbuot xizmati e’tibor qaratdi.

Qarorga muvofiq, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan tegishli tijorat banklari uchun 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 4 foiz stavkasi shartlarida kredit liniyalari ochiladi. Kreditlar tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy yangi uskuna va texnologiyalarni xarid qilish uchun 2 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda 7 yil muddatgacha, yillik 6 foiz stavkasida ajratiladi.

Shuningdek, hujjat bilan 2023-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan xomashyo, materiallar va furnituralar ro‘yxati tasdiqlanmoqda.

Hujjat asosida “Oybek-avtoyo‘l” (Toshkent viloyati) va “Sariosiyo-avtoyo‘l” (Surxondaryo viloyati) chegara o‘tkazish punktlaridan qo‘shni davlat chegarasigacha bo‘lgan joylarda eksperiment tariqasida mahalliy tayyor mahsulotlar savdosiga ixtisoslashtirilgan savdo nuqtalarini tashkil etish belgilanmoqda.

“O‘zcharmsanoat”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zbekipaksanoat”, “O‘zeltexsanoat” va boshqa uyushmalari esa tashkil etiladigan savdo nuqtalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning sifatli mahalliy mahsulotlari bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan Charm-poyabzal sohasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan respublika hududlarida va xorijiy davlatlarda mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilgan charm mahsulotlari savdosiga ixtisoslashtirilgan “Multibrand” do‘konlari tashkil etish va uning elektron savdo platformasini yaratiladi.

Hujjatga muvofiq, “O‘zstandart” agentligi:

  • ikki oy muddatda charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, jun va mo‘ynadan tayyorlangan buyumlarga ularni sinovdan o‘tkazish usullariga talablarni belgilovchi standartlar bo‘yicha amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazadi va xalqaro me’yorlarni hisobga olgan holda ularni qayta ko‘rib chiqib, amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
  • 2021-yil 1-martga qadar charm, poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, jun va mo‘ynadan tayyorlangan buyumlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning ehtiyojidan kelib chiqib, sohaga tegishli bo‘lgan sinash bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy va xorijiy davlatlarning standartlarini asli yozilgan tillarda qabul qilish choralarini ko‘radi.