Shavkat Mirziyoyev 26-aprel kuni ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezidentning rasmiy sayti xabar beradi.

Bugungi kunda mamlakatda 37 ming 402 ta ko‘p qavatli uy, ularda 1 million 300 mingdan ortiq xonadon bor. Bu uylarning 68 foiziga shirkatlar, 24 foiziga boshqaruv kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi, 8 foiz uylar esa mulkdorlar tomonidan umuman boshqarilmaydi.

Davlat rahbari ko‘p qavatli uylarda yashovchi odamlarni qiynab kelayotgan bu masalaga e’tibor qaratib, xizmat ko‘rsatish tizimini yaxshilash bo‘yicha mutasaddilar oldiga vazifa qo‘ygan edi.

Shunga muvofiq, chet ellik mutaxassislarni jalb etgan holda joylarga chiqilib, aholi va shirkatlar vakillari bilan fikrlashilib, muammolar chuqur o‘rganildi. Xorij tajribasi asosida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Xususan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining hududiy boshqarmalari huzurida Ko‘p kvartirali turar joy fondini ta’mirlash jamg‘armasini tashkil etish, uni 35 foiz respublika byudjeti, 35 foiz mahalliy byudjet va qolgan 30 foizini mulkdorlar to‘lovidan jamg‘ariladigan mablag‘lar hisobidan shakllantirish rejalashtirilgan.

Hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlash maqsadida boshqaruv tashkilotlari va shirkatlarning elektron reyestrini yuritish, har bir ko‘p qavatli uyga alohida shaxsiy hisobraqam ochish, uyning xizmat ko‘rsatish hududini aniq belgilash, mulkdorlarga hisobot berish tartibini takomillashtirish, hisob-kitoblarga billing tizimini joriy qilish mo‘ljallangan.

Shuningdek, yangi ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilganidan keyin ikki yil mobaynida quruvchi tashkilot boshqaruvida bo‘lishini belgilash, turar joylarni saqlash va undan texnik foydalanish qoidalarini ishlab chiqish ham talab etilmoqda. Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar xodimlarini o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish ham nazarda tutilmoqda.

Ta’mirlanadigan uy-joylar qamrovini kengaytirish, boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi. Moliya vazirligiga belgilangan chora-tadbirlar uchun mablag‘ ajratish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Spot, O’zbekiston turar-joyga egalik qilish va uning aholi daromadi kesimi bo’yicha 82- o’rinni egallaganligi haqida ma’lumot bergan edi.