O’zbekistonning 24 tumani qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hududlarga aylanadi. Bu hududlardagi infratuzilmani yaxshilash uchun davlat byudjetidan 400 mlrd so’m mablag' ajratiladi. Bu haqda Prezident mahalliy sanoatni rivojlantirish bo’yicha o’tkazilgan videoselektorda so’z yuritdi.

Shuningdek, geologik tadqiqotlarni o’tkazish uchun qo’shimcha 100 mlrd so’m ajratilishi ko’zda tutilgan.

“O'zsanoatqurilishbank” qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida amalga oshiriladigan loyihalarni qo’llab-quvvatlash maqsadida $300 mln miqdoridagi kreditlarni taqdim etadi. Shu bilan birga, Prezident ko’rsatmasiga asosan, ushbu bank orqali soha rivoji uchun davlat byudjetidan $200 mln ajratiladi.

Ma’lumot berilishicha, qurilish va ta’mirlash mahsulotlarining yangi turlarini ishlab chiqarish loyihalari uchun 15 milliard so’mgacha kreditlar beriladi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilarga milliy valyutadagi kreditlar bo’yicha to’lovlar Markaziy bank stavkasining 10 foizidan yuqori qismida, shuningdek xorijiy kreditlar stavkasining 50 foizida qoplanadi.

Shu bilan birga, qishloq sanoat zonalarida faoliyat yuritadigan ishlab chiqaruvchilar, shuningdek manba ishlab chiquvchilar uchun yer solig’i 10 baravargacha kamaytiriladi.

Ushbu imkoniyatlar qurilish materiallari ishlab chiqarishni 40 foizga ko’paytirish, mahsulotlar turini kengaytirish va import o’rnini bosishga yordam beradi.