Prezident Shavkat Mirziyoyev “Parrandachilikni rivojlantirish va tarmoq ozuqa bazasini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorni imzoladi.

Unga ko’ra, 2021-yil 1-iyundan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan parrandachilik xo‘jaliklariga — o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, realizatsiya qilingan tuxumning har bir donasi uchun 50 so‘m hamda parranda go‘shtining har bir kilogrammi uchun 1 000 so‘m miqdorida respublika byudjetidan subsidiya ajratiladi.

Shuningdek:

a) tijorat banklari tomonidan 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar uchun ajratilayotgan kredit bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan:

  • omixta yem va parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi;
  • parrandachilik loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kredit foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan, biroq 8 foiz punktidan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi;

b) qushxona va muzlatkichlarni o‘z ichiga olgan parrandalarni so‘yishga mo‘ljallangan zamonaviy kompleksni (keyingi o‘rinlarda — zamonaviy kompleks) ishga tushirgan tadbirkorlik sub’ektiga loyiha qiymati 40 milliard so‘mdan oshmaydigan qismining 10 foizi miqdorida Moliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan subsidiya beriladi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan $15 million ekvivalentidagi mablag‘ Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga o‘tkazib beriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan parrandachilik loyihalarini moliyalashtirish uchun $85 million miqdoridagi mablag‘ “Mikrokreditbank” ATBga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga:

  • 2021-yil 1-iyuldan boshlab 2024-yil 1-iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llaniladi;
  • 2022-yil 1-iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari (ularning vakolatli vakillari)ga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;

“Parrandasanoat” uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan xorijiy mamlakatlardan parrandachilik sohasi ekspert va mutaxassislarini jalb qilish xarajatlari hamda ularning 6 oylik ish haqi miqdorining 50 foizi, biroq oyiga $1 000 ekvivalentidan oshmagan qismi qoplab beriladi. Bunda, mazkur xarajatlar uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan 5 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Qarorning batafsil talqini bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.