Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, Xorazm viloyatida turizm salohiyati yana-da rivojlantiriladi.

Qarorga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan boshlab Xiva shahridagi YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlardan tashqari, yer uchastkalari mehmonxonalar qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion orqali taqdim etiladi.

Bunda xarid qilingan yer uchastkalariga quyidagi qoʻshimcha investitsiya majburiyatlari yuklanadi:

  • maydoni 6 sotixdan 15 sotixgacha boʻlgan yer uchastkasini ajratishda — 50 ta xonadan kam boʻlmagan mehmonxona qurish;
  • maydoni 15 sotixdan 30 sotixgacha boʻlgan yer uchastkasini ajratishda — 100 ta xonadan kam boʻlmagan mehmonxona qurish;
  • maydoni 50 sotix va undan ortiq maydonga ega yer uchastkasini ajratishda — 200 ta xonadan kam boʻlmagan, 3−5 yulduzli toifadagi standartlarga mos keladigan mehmonxona qurish.

Shuningdek, Urganch-Xiva yoʻnalishidagi yoʻl boʻyi hududlarini oʻz ichiga olgan “Xiva turistik transport koridori"ni tashkil etish hamda ularda zamonaviy mehmonxona majmualari, savdo- koʻngilochar va turizm ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa obyektlari quriladi.