Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-iyul kuni raqamli texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda bugungi kunga qadar ishga tushirilgan elektron raqamli xizmatlar sohasi tahlil qilindi. Hozirda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 253 xil xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Joriy yilda ularni yana 60 taga ko‘paytirish, 50 dan ortiq xizmatlarni soddalashtirish mo‘ljallangan.
Sohada rivojlanishdan ortda qolayotgan tarmoq va hududlar talaygina. Raqamlashtirish reytingi 65 ta tashkilot, 116 ta tuman va shaharda ishlar sust tashkil etilganini ko‘rsatmoqda.
Taqdimotda davlatimiz rahbari loyihalarni jadallashtirish, hududlarda elektron xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.
“Oxirgi yillarda qilingan ishlar, albatta, o‘z natijasini berdi, xizmatlar qulay va odamlarga yaqin bo‘ldi. Lekin raqamli texnologiyalar kun sayin o‘zgarib, yangi-yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Shuning uchun har bir vazirlik, davlat organi va hududlarda yangi dasturlarni joriy etish bo‘yicha „yo‘l xaritasi“ ishlab chiqish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Raqamli iqtisodiyot xizmatlarini 16 trillion so‘mga, kompyuter dasturlari eksportini 40 million dollarga yetkazish mumkinligi aytib o‘tildi.
Mobil ilova orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sonini 100 taga yetkazish, xususan, kommunal soha, kadastr, soliq, bojxona, pensiya va mehnatga oid ma’lumotlarni olishda qulayliklarni oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga vazir portali, viloyat, tuman va shahar hokimlari portallarini shakllantirish, ulardagi ma’lumotlarni muntazam tahlil qiladigan tizim yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.
“Aloqabank” aksiyadorlik tijorat bankiga mijozlar uchun barcha xizmatlarni mujassamlashtirgan yagona platforma yaratish, axborot texnologiyalari sohasidagi startap loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vazifasi qo‘yildi.
Davlat va xo‘jalik organlari xodimlarining raqamli texnologiyalar bo‘yicha savodxonligini oshirish muhimligi qayd etildi.