“Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2026-yilgacha charm-poyabzal, jun va mo‘ynachilik eksporti 2,8 baravarga ko‘paytiriladi.

Tuman (shahar)larda terini qayta ishlashga hamda tayyor charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil qilinadi.

Kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash uchun 2022−2023 yillarda 90 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalaridagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun banklarga $60 mln miqdoridagi kredit liniyasi ochiladi.

Banklar tadbirkorlarga yangi uskuna va texnologiyalarni olish uchun 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatgacha 5 foiz stavkada kreditlar ajratadi.

Qarorga ko‘ra, charm-poyabzal, mo‘ynachilik sohasi korxonalari va chorva mollarini so‘yish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar 2023 — yil 1 — yanvardan 2026 — yil 1 — yanvargacha uzaytirildi.

2022 — yil 1 — apreldan 2025 — yil 1 — yanvargacha quyidagilar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz undiriladi:

  • yalpi tushumda bolalar, ayollar va sport poyabzallari, sun’iy (eko) charm, furnitura, poyabzal qoliplari va tagliklari tushumning kamida 60 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar;
  • yalpi tushumining umumiy hajmida poyabzallar, charm-attorlik mahsulotlari va mo‘ynadan tayyorlangan buyumlar eksportidan tushgan tushumning hajmi 80 foizni tashkil qilgan ishlab chiqaruvchilar.