“Apelsin” raqamli banki Rossiyadan pul oʻtkazmalarini qabul qilishni va ularni ushbu mamlakatga joʻnatishni toʻxtatdi. Bu haqda bank oʻzining mobil ilovasi orqali mijozlarni xabardor qildi.

“Apelsin orqali Rossiyaga mablagʻ joʻnatish va qabul qilish vaqtincha ishlamayapti”, — deyiladi xabarda.

Ushbu choraning sabablari va pul operatsiyalarini tiklash muddati koʻrsatilmagan.

Spot avval yozganidek, 2019-yilda “Kapitalbank” ilovasi sifatida yaratilgan “Apelsin” bir yildan soʻng uning raqamli filialiga, 2021-yilda esa alohida raqamli bankka aylandi.

25-fevral, juma kuni “Hamkorbank” “bank tizimlarida texnik ishlar olib borilayotgani” sababli “Сбербанк Online"dan pul oʻtkazmalarini qabul qilishni toʻxtatdi. Oʻzbekistonda xuddi shunday choralar koʻrgan ikkinchi bank “Ipak yoʻli” boʻldi. 28-fevral kuni tushdan keyin Hamkorbank “Сбербанк” mobil ilovasidan pul oʻtkazmalarini qabul qilishni davom ettirdi.

Avval xabar qilinganidek, AQSh, Kanada va YeI Rossiya iqtisodiyotiga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilmoqda. Ular ostida, jumladan, Rossiya banklari “ВЭБ.РФ”, “Сбер”, “Газпромбанк”, “Альфа-банк”, “Открытие” Bank va “Совкомбанк” (Oʻzagroeksportbank xaridori) ham bor. Google Pay va Apple Pay ular bilan ishlashni toʻxtatdi, banklar global Swift tizimidan uzildi.