2022-yil 24-martda tovar-xomashyo birjasining ochiq birja savdolariga qoʻyilayotgan shakar hajmining sotuvchi korxonalar tomonidan qariyb 50% ga oshirilishi evaziga shakarning barcha kategoriyasi boʻyicha shakllangan oʻrtacha kunlik narxi avvalgi savdo kuniga nisbatan mahsulotning bir tonnasi uchun 10 101,3 ming soʻmdan 8 735,8 ming soʻmgacha, yaʼni 14% ga pasaydi. Bu haqda Tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlum qilinishicha, soʻnggi ikki savdo kunlarida shakarning birjadagi narxi qariyb 30% ga arzonlashgan.

Shakarning birjadagi narxi pasayishiga bozor vositalarining qoʻllanilishi, jumladan, birjaning shakar segmentida taklif darajasi oshirilishi hisobiga erishildi.

24-martda birja savdolariga jami 3 200 tonna shakar qoʻyilgan, ulardan 2874 tonnasi, yaʼni 90%i sotildi. Bunda, birja savdolari orqali “Xorazm shakar” MChJ tomonidan 1 600 tonna va “Angren shakar” MChJ tomonidan 1 274 tonna shakar sotildi.

Avvalroq, Aksilmonopol qoʻmita shakar narxini asossiz oshirish uchun javobgarlik haqida eslatgandi. Qoʻmita mart oyining birinchi yarmidan keyin bozorda shakar narxlarining asossiz keskin oshganini taʼkidlab, Rossiya va Ukraina davlatlari tomonidan shakar eksporti toʻxtatilganining Oʻzbekistonga hech qanday taʼsiri yoʻqligini bildirgandi. Bu ikki davlatning ichki bozordagi ulushi bor-yoʻgʻi 2%ni tashkil etadi.

Shuningdek, monopoliyaga qarshi qoʻmita shakar narxining “asossiz koʻtarilishi"ga qarshi qator chora-tadbirlar kiritgandan keyin bir kun ichida 15% ga tushgan edi.