Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga koʻra, joriy yilning 1-yanvaridan 28-fevraligacha boʻlgan davrda respublikada soliq tushumlari hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 20,8% ga oshgan.

Shu bilan birga Sirdaryo (52%), Buxoro (45,2%), Namangan (40,6%), Fargʻona (40,4%), Qashqadaryo (39,8%) viloyatlarida va Toshkent shahrida (62%) soliq tushumlarining sezilarli oʻsishi qayd etildi.

Shuningdek, davlat bojxona qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, yil boshidan buyon tovarlar eksporti hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15,4%ga oshgan. Tovarlar eksport hajmining oʻsishi Qashqadaryo (89,9%), Fargʻona (58,8%), Namangan (46,4%) va Samarqand (44%) viloyatlarida qayd etildi.

Oʻzbekiston eksportining oʻsishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportining oʻsish surʼatlari bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, ushbu davrda 15 750 ta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilib, ularning eng koʻpi Samarqand (2 121), Andijon (1 598), Toshkent (1 279), Fargʻona (1 207) viloyatlarida va Toshkent (2 573) shahrida roʻyxatga olingan.

Avvalroq Spot birjada shakarning narxi tushganligi haqida yozgan edi.