Toshkent shahrida namunaviy loyiha asosida yangi koʻrinishdagi bekatlar oʻrnatilmoqda. Bu haqda poytaxt transport boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga koʻra, 2022-yilning birinchi choragida namunaviy loyihalar asosida 14 ta avtobus bekatlari rekonstruksiya qilingan.

Poytaxt transport boshqarmasiga koʻra, bu Oʻzbekiston prezidentining 2022-yil 2-fevraldagi “Toshkent shahar jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarorining ijrosiga koʻra amalga oshirilmoqda.

Bundan oldin Toshkentda avtobus oraliq bekatlari namunaviy dizayn asosida tashkil etilishi xabar berilgandi.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimining qaror loyihasiga koʻra, avtobus bekatlari namunaviy loyihasini yoʻlovchilar, shu jumladan, aholining imkoniyati cheklangan guruhlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini inobatga olgan holda ishlab chiqish hamda mazkur bekatlar joylashtiriladigan yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali tadbirkorlik subyektlariga ijara huquqi asosida vaqtinchalik foydalanishga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilgan.