“Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ta’lim berish sifatini oshirish hamda ular faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar Ichki ishlar vazirligiga biriktirilib, “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari (“Nurli maskan” maktablari) deb nomlandi.

Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda boshqa tibbiy muassasalarning malakali shifokorlari jalb etilgan holda, “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilarini davolash-sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, barcha “Nurli maskan” maktablari hududiga videokuzatuv moslamalari oʻrnatilib, ular tegishli hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilinadi.

2022/2023 oʻquv yilidan:

  • “Nurli maskan” maktablarining Brayl yozuvidagi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar, badiiy hamda bolalar uchun moʻljallangan adabiyotlar, turli ixtisoslik va yoʻnalishlardagi bosma va audiokitoblarga ehtiyoji har 6 oyda oʻrganiladi va shu asosda adabiyotlar roʻyxati shakllantirib boriladi;
  • koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun belgilangan viloyat va respublika fan olimpiadalari bitiruvchi sinflar oʻquvchilari uchun alohida tashkil etiladi;
  • “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilari uchun axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikni oʻrgatish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi;
  • OTMning tegishli ixtisoslik va yoʻnalishlari boʻyicha Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlarni chop etish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
    koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualar chop etuvchi nashriyot-matbaa korxonalari bilan deklaratsiya qilingan narxlar asosida belgilangan tartibda shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

2022-yil sentyabrdan “Nurli maskan” maktablarida oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida zamonaviy jihozlangan ijtimoiy va maishiy yoʻnalishdagi majmua (oʻquv ustaxona)lar tashkil etiladi.

Shuningdek, inklyuziv ta’lim tizimi joriy qilingan ta’lim muassasalarida koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarning yaqin qarindoshlariga ular bilan birga darslarda qatnashish imkoniyati yaratiladi.

2022-yil yakunigacha “Nurli maskan” maktablari uchun oʻzbek nutq sintezatori va boshqa semantik-eshitish vositalari bilan hamohang ravishda milliy dizayndagi maxsus kompyuter dasturlari yaratiladi va oʻquv jarayoniga tatbiq qilinadi.

2022/2023 oʻquv yilidan koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar hamda tayanch harakat a’zolari shikastlangan bolalarning ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda paralimpiya sport turlari (dzyudo, futbol, yengil atletika) bilan mukammal shugʻullanishi uchun sport guruhlari tashkil qilinadi.

2022-yil 1-oktabrdan “Nurli maskan” maktablari negizida koʻzi ojiz bolalarni maktabga tayyorlovchi bir yillik muddatli tayyorlov guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

2022-yil yakunigacha “Nurli maskan” maktablari hududida “Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish maxsus maydoncha"lari tashkil etilib, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va innovatsion yoʻl belgilarini oʻrnatish choralari koʻriladi.