Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozoridagi talab oʻzgarishlarni tahlil qildi.

Unga koʻra, 2022-yil aprel oyida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 23,4 mingtani tashkil etdi, bu joriy yilning mart oyiga nisbatan (20,3 ming) 15,1% ga koʻp. Oʻtgan yilning mos davriga (20,8 ming) nisbatan oʻsish 12,6% ni tashkil etdi.


Hududlar kesimida eng yuqori yillik oʻsish surʼatlari Xorazm (39%), Surxondaryo (32%), Namangan (29%), Jizzax (27%), Samarqand (25%) viloyatlarida qayd etildi.

Sirdaryo (2,6%) va Toshkent (2,2%) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (3,8%) nisbatan pastroq oʻsish surʼatlari kuzatildi.

Jizzax (4,6%) va Navoiy (5,1%) viloyatlarida yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan koʻchmas mulklar soni ulushining nisbatan yuqoriligi mazkur hududlarda tadbirkorlik faoliyati uchun koʻchmas mulk obyektlari muhim ekanligidan dalolat beradi”, — deyiladi tahlilda.

Shuningdek, hududlar boʻyicha jismoniy shaxslar tomonidan koʻchmas mulk oldi-sotdisi boʻyicha eng koʻp shartnomalar Toshkent shahri (6,9 ming) hamda Toshkent (2,5 ming) va Fargʻona (2,1 ming) viloyatlarida kuzatildi.

Shu bilan birga, yuridik shaxslar aksariyat koʻchmas mulkni Toshkent (79), Navoiy (60) va Jizzax (27) viloyatlarida sotib olishgan.