Prezident farmoniga muvofiq 2022−2026-yillarda Oʻzbekistonning innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi.

Strategiyaning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • innovatsion infratuzilma subyektlari (innovatsion texnologik park, texnologiyalar transferi markazi, innovatsion klaster, venchur tashkiloti, innovatsiya markazi, startap akselerator, inkubator) tarmogʻini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni (kapital yaratish) tashkil etish;
  • innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish orqali innovatsion faol tashkilotlar ulushini oshirish;
  • kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirish orqali hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal oʻsishini taʼminlash;
  • yangi turdagi mahsulotlar va innovatsion texnologiyalar yaratishning gʻoyadan yakuniy isteʼmolchigacha boʻlgan kompleks tizimini taʼminlash orqali innovatsiyalarga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish;
  • yaratilgan kapitalni “tubdan yangilovchi” innovatsiyalarga qayta yoʻnaltirish tizimini shakllantirish;
  • taʼlimning barcha bosqichlarida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik koʻnikmalarini rivojlantirish orqali innovatsion faoliyat boshqaruvida inson kapitalini yanada rivojlantirish.

Bundan tashqari, innovatsion faoliyat subyektlari (sanoat ishlab chiqarish tashkilotlari) sonini 613 tadan 2 250 tagacha yetkazish, innovatsion infratuzilma subyektlari sonini 3 baravarga oshirish, innovatsion tadbirkorlik natijasida yaratiladigan yangi ish oʻrinlari sonini 4 baravarga oshirish maqsad qilingan.

Shuningdek:

  • ichki va tashqi bozorlarda tijoratlashtirish natijasida yaratiladigan yangi innovatsion ishlanmalar sonini 2 baravarga oshirish;
  • innovatsion markazlar sonini 494 tagacha yetkazish;
  • texnologik innovatsiyalar bilan shugʻullanuvchi mahalliy sanoat korxonalari sonini 600 tagacha yetkazish;
  • hududlarda yaratiladigan yangi texnologiyalar sonini 384 tagacha oshirish;
  • hududlarda yillik roʻyxatga olingan patentlar sonini 184 tagacha yetkazish;
  • xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy, innovatsion va texnologik loyihalar sonini 183 tagacha oshirish;
  • innovatsion startaplar sonini 1 437 tagacha yetkazish koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, Innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari tashkil etiladi. Strategiya Oʻzbekistonni Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 56 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishini bosh maqsad qilgan.

Ilgari Spot Qoraqalpogʻistonda “Nukus texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi haqida xabar bergandi.

Energiyani tejovchi ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish Texnopark faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.