“Time” nashri O‘zbekistonni 2022-yilning eng zo‘r joylari ro‘yxatiga kiritdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach amalga oshirilayotgan yangi loyihalar va kashfiyotlar turistlarning mamlakatni o‘rganishini osonlashtirmoqda.

“Tezyurar poyezdlar tarmog‘i 2011-yilda yo‘lga qo‘yilgan va hozirda Xivadagi qadimiy Ipak yo‘li bekati qo‘shilgani hisobiga kengaytirilmoqda, bu esa Toshkentdan YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlariga sayohat qilishni osonlashtiradi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, bu yil Samarqandda ochiq kitobni eslatuvchi yangi aeroport terminali ochilgani, hamda joriy yilning kuzida Samarqand eshkak eshish kanali sohilida 260 gektar maydonda joylashgan “Silk Road Samarkand” sayyohlik markazi ochilishi keltirib o‘tildi.

Unga dunyoning yetakchi mehmonxonalari ro‘yxatiga kiritilgan 22 qavatli “Samarqand Regency Amir Temur” va yana yettita mehmonxona kiradi. Shu yilning kuzida O‘zbekistonda ilk bor “Silk road literary festival” bo‘lib o‘tadi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi sayyohlarning aksariyati Markaziy Osiyo respublikalari, shuningdek, Rossiyadan kelmoqda.

May oyida Oʻzbekistonga 500 mingdan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu esa 2021-yilga nisbatan 3,6 barobar ko‘pdir, negaki oʻtgan yilning mos davrida turistlar soni bor-yoʻgʻi 140,2 ming kishini tashkil qilgan edi.