Joriy yilning 6 oyida O‘zbekistonda 2,3 trln so‘mlik charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisining o‘rinbosari Adxamjon Mo‘ydinov ma’lum qildi.

Mazkur davr mobaynida sohada 5 turdan ortiq, respublikada avval ishlab chiqarilmagan mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

Masalan, jami qiymati $5 mln bo‘lgan “Egida Simakx” kompaniyasi tomonidan yiliga 10 ming tonna charm-poyabzal sanoati uchun paralon, “SN Group” tomonidan esa yiliga 4 ming tonna granitol va karton mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

O‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi esa rejaga nisbattan 2 barobar ko‘p bo‘lib, $16,5 mln.ni tashkil etdi.

Shuningdek, $35,1 mln.lik loyihalar amalga oshirildi. Bu esa, o‘z navbatida, sohada 375 mlrd so‘mlik quvvatlar va mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratish imkonini berdi.

Eksport hajmi $198,2 mln.ni tashkil etib, 86,4%i tayyor va 13,6%i yarim tayyor mahsulotlar ulushiga to‘g‘ri keldi. AQSh, Yaponiya, BAA va Koreya kabi yangi davlatlarga eksport yo‘lga qo‘yildi.

Yil yakuniga kelib sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 5,5 trln so‘mga, eksport ko‘rsatkichlarini esa $450 mln.ga yetkazish maqsad qilingan.

Mart oyida charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil etilishi belgilandi.

Unga ko‘ra, yer uchastkalarini berish onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi yoki uzoq muddatga ijaraga beriladi.