Samarqand xalqaro aeroportida Ochiq osmon rejimi joriy etiladi

“Ochiq osmon” rejimi aeroportning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlar bo‘yicha cheklovlarning bekor qilinishini anglatadi.

Endilikda xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjud yoki mavjud emasligidan qat’iy nazar Samarqand xalqaro aeroportiga aviaqatnovlarni amalga oshira oladi.


Kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori oshiriladi

Joriy yilning 1-oktabridan boshlab kasanachiga ajratiladigan subsidiya miqdori BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha ya’ni 3 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha oshiriladi.

Tadbirkorlar o‘rtasida har yili bir marta har birining qiymati 50 mln so‘m bo‘lgan loyihalar tanlovi o‘tkaziladi.

Bunda faqat olis va chekka hududlardagi mahallalarda kamida 20 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan tadbirkorlar ishtirok eta oladi.

Shuningdek, “Ayollar daftari"dagi kamida 5 ta ishsiz xotin-qizlarni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlar tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50% miqdorda undiriladi.



IT-sohasi bo‘yicha 1 mlrd so‘mgacha grantlar ajratuvchi tanlov o’tkaziladi

1-oktabrdan boshlab esa AKT sohasida IT-ta'lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda eksportga yo‘naltirish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan grantlar ajratish tartibi joriy qilinadi.

Unga ITSV huzuridagi Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining mablag‘lari jalb qilinadi hamda tanlov Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladi.


Mol-mulkka taqiq qo‘yilganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi

“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab (xatlab) qo‘yilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qo‘yish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etiladi.

Ma’lumotlarni elektron ma’lumotlar bankiga kiritishda:

  • jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid ma’lumotlar — Ichki ishlar vazirligi;
  • yuridik shaxsga oid ma’lumotlar — Adliya vazirligi;
  • ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar — Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
  • qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga oid ma’lumotlar — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
  • attraksionlar va ko‘tarish inshootlari (minora kranlari)ga oid ma’lumotlar — Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;
  • kemalarga oid ma’lumotlar — Transport vazirligi;
  • kichik hajmli kemalarga oid ma’lumotlar — Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.

AKT sohasidagi o‘quv kurslari uchun ta’lim krediti ajratiladi

Nodavlat ta’lim tashkilotlarining o‘quv kurslarida yoshlarning axborot texnologiyalari sohasida o‘qishi uchun ta’lim krediti ajratish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda ta’lim kreditlari:

  • Markaziy bankning asosiy stavkasida (15%);
  • BHMning 65 baravarigacha 1 yillik imtiyozli davr bilan 4 yil muddatga ajratiladi;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalar farzandlari uchun ta’lim krediti olishda garov va kafillik talab etilmaydi.



Parvarishga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron taqdim etiladi

O‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarning qonuniy vakillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga elektron taqdim etib boriladi.

Shuningdek, 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalar hamda parvarishlash nafaqasi fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl"da tayinlanadi.


Bolalar TV va radio shoulari uchun tanlov tashkil etiladi

2022-yil 1-oktabrdan bolalar uchun mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri BHMning 300 baravarigacha (90 mln so‘mgacha) bo‘lgan tanlov e’lon qilinadi.

Har chorakda OAVda e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar BHMning 50 baravarigacha (15 mln so‘mgacha) miqdorda pul bilan taqdirlanadi.


7 ta sohada kosmik monitoring tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Qonunchilikka ko‘ra, quyidagi 7 ta ijtimoiy-iqtisodiy sohada bosqichma-bosqich majburiy tartibda sun’iy yo‘ldosh apparatlari orqali davlat kosmik monitoringini amalga oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi:

  • O‘rmon xo‘jaligi;
  • Qishloq xo‘jaligi;
  • Geologiya va kon-metallurgiya;
  • Suv xo‘jaligi;
  • Transport va yo‘l xo‘jaligi;
  • Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish.

Ko‘p kvartirali uy-joylarni zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish boshlanadi

Respublika hududidagi ko‘p kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik bo‘yicha xatlovdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Xatlov natijasiga ko‘ra ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan ko‘p kvartirali uy-joylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.



Qoraqalpog‘istonlik yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga qarz mablag‘lari beriladi

Joriy yilning 1-oktabridan boshlab Qoraqalpog‘istondagi yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida 7 yil muddatga qarz mablag‘lari beriladi.

Mazkur tartib 2028-yil 1-yanvarigacha amal qiladi hamda Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladi.