Avvalroq “Qanot Sharq” xususiy aviakompaniyasi ikkita yangi Airbus A321neo samolyotini lizingga olish uchun “Air Lease Corporation” lizing kompaniyasi bilan shartnoma imzolagandi.

10-oktabr kuni aviakompaniya tomonidan lizingga sotib olingan ikkita samolyotdan biri — Аirbus А321neo poytaxt aeroportiga keltirildi.

Ikkinchi Аirbus А321neo samolyoti bir oydan soʻng yetib kelishi rejalashtirilgan.

“Qanot Sharq” aviakompaniyasi bosh direktori Moisey Pakning soʻzlariga koʻra, yangi samolyotdan foydalanish uchuvchilarni qayta oʻqitish bilan bogʻliq uzoq jarayonni talab etmaydi.

“Mutaxassis Аirbus А320 seo’da parvoz qilgan boʻlsa, u holda yangi samolyotni boshqarishni tezda oʻzlashtiradi. Bu aynan Аirbus А321neo'ni tanlashda qoʻllanilgan mezonlardan biri boʻldi”, — dedi Moisey Pak.

Mazkur samolyot saloni sigʻimli boʻlib, undan davomli parvozlarda foydalaniladi.

Yangi samolyot bilan ilk parvoz Vyetnam va Tailandga amalga oshirilishi belgilangan.