Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligining “Joriy narxlar holati to‘g‘risida"gi sharhiga ko‘ra, mamlakatda yillik inflyatsiya 13,1% dan 12,88% gacha sekinlashdi.

Unga ko‘ra, 18-oktabrdan 24-oktabrgacha bo‘lgan haftada narxlarning o‘rtacha 0,08%ga o‘sishi qayd etildi.

“Yillik ko‘rsatkichda inflyatsiya sekinlashuvi davom etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,88%ni tashkil etdi”, deyiladi xabarda.

Unda qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlari segmentida narxlar asosan meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining mavsumiy o‘sishi hisobiga 0,15%ga oshgan.

“Nooziq-ovqat tovarlari narxlari deyarli oʻzgarmadi (0,01%). Sayyohlik va tartibga solinadigan xizmatlar narxlari ichki reyslar uchun aviabiletlarning qimmatlashgani va mehmonxona xizmatlari narxlari pasayishining sekinlashishi tufayli 0,13%ga oshgan”, — deya qoʻshimcha qildi vazirlik.

Iqtisodiy rivojlanish vazirligi prognoziga ko‘ra, joriy yilda Rossiyada inflyatsiya 12,4% ni tashkil qiladi, 2023-yilda u 5,5% gacha sekinlashadi va 2024−2025 yillarda 4% maqsadli ko‘rsatkichga qaytadi.


Avvalroq “Spot” Germaniyada inflyatsiya 70 yil ichida birinchi marta deyarli 11%ga yetgani haqida yozgandi.