“MegaFon” o‘zining egasi “USM Telecom"ga 2021-yil fevral oyida “USM Telecom”, “MegaFon” va O‘zbekiston hukumati tomonidan yaratilgan “Digital Holding"ni boshqaruvchi “Digital Invest"dagi 50% ulushini sotdi, deya xabar bermoqda “Forbes Russia” nashri.

Qayd etilishicha, tahlilchilar ushbu paketni 5−10 mlrd rublga baholashgan.

“Digital Invest” 2021-yil fevral oyida tashkil etilgan “USM Telecom”, “MegaFon” va Oʻzbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qoʻshma korxonasi boʻlgan “Digital Holding Uzbekistan” kompaniyasining 51%iga egalik qiladi.

Davaktiv agentligi uyali aloqa operatori “Coscom” (“Ucell” savdo belgisi ostida faoliyat yuritadi) ustav kapitalining 100%ini (miqdori $201,4 mln) “Digital Holding Uzbekistan"ga oʻtkazgandi.

2021-yil fevralida “Digital Holding"ni tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzolanganida O‘zbekiston hukumati kompaniyaga bir qator imtiyozlar berdi.

Bunda davlat organlariga “Digital Holding” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida tenderlar o‘tkazmasdan shartnoma va bitimlar tuzishga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, kompaniyalar investitsiya shartnomasining amal qilish muddati davomida ayrim soliqlardan ozod qilindi.

Kompaniyalarga sun’iy yo‘ldosh kanallaridan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish huquqi ham berildi. “Digital Holding” shuningdek, auksionlarsiz baza stansiyalarini qurish uchun doimiy foydalanish uchun yer uchastkalarini olishi mumkin edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 10-fevraldagi qarori bilan “Digital Holding"ning asosiy vazifalari tasdiqlandi.

Ular orasida fintech va elektron tijorat sektorini rivojlantirish, yangi telekommunikatsiya infratuzilmasini qurish, mahsulotlarni markalash tizimini yaratishda ishtirok etish, raqamli bozorni joriy etish, moliyaviy va to‘lov tizimini yaratish bo‘yicha vazifalar belgilandi.


Avvalroq Alisher Usmonov biznes boshqaruvidan ketgani haqida fikr bildirgandi. Milliarder sanksiyalarga qaramay, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishda davom etish niyatini bildirgan.