Xitoyning Landjou stansiyasidan Toshkentga 30 ta konteynerdan iborat blok poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy-Markaziy Osiyo” sammiti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, Shinjon viloyati Kashgar shahrida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston multimodal transport yo‘lagi ochildi.

Xususan, mazkur multimodal transport yo‘lagida poyezd harakati sinov tarzida amalga oshirildi.

Tarkibida quyosh panellari, mexanik jihozlar, matolar va boshqa yuklar bo‘lgan umumiy qiymati $2,5 mln.ni tashkil etuvchi yuk poyezdi Xitoyning Landjou shahridan Toshkentga 15 kunda yetib kelishi ta’kidlanmoqda.

Avvalroq ikki davlat rahbari Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni tez fursatda boshlash muhimligini qayd etgandi.

May oyida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish yakunlangani haqida xabar berilgandi.

Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning yuk tashuvchi sho’ba korxonasi — “O‘ztemiryo‘lkonteyner” ishtirokida chegara hududlarida logistika markazlari tashkil etilishi ta’kidlangandi.