Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqchi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha tomonlar muzokaralar o‘tkazilib, Kitob tumanida yiliga 200 ming xorijiy turistga xizmat ko‘rsatadigan “Qaynar” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Xususan, hududning xalqaro darajadagi master-rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv amalga oshirildi.

Mazkur hududda osma dor yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuv hujjati imzolandi. Loyihani amalga oshirish uchun $15 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilishi ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, Qarshi xalqaro aeroporti yaqinidagi maxsus iqtisodiy zonani hamkorlikda rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.

Xitoy tomoni hududga xitoylik kompaniyalarni jalb qilib, kompleks rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Viloyat hokimi Qashqadaryoda kompaniya faoliyati uchun keng imkoniyatlar yaratilganini, “Bir makon-bir yo‘l” hamda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi, viloyatning Xitoy tadbirkorlarining Afg‘oniston bozoriga kirishida tranzit yo‘nalishda joylashuvini ta’kidladi.

Yakunda viloyat hokimligi va kompaniya rahbariyati o‘rtasida $16 mln.lik shartnomalar imzolandi.

2022-yilning avgust oyida Qashqadaryoda uzunligi 1500 metr bo‘lgan kanat yo‘li qurilishi ma’lum qilingandi.

Loyihani moliyalashtirish uchun Avstriya moliya institutlarining imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilinishi hamda texnik-iqtisodiy asoslarni Avstriyaning “Doppelmayr” kompaniyasi ishlab chiqishi belgilangan.


Avvalroq Xitoyning “LONGi” kompaniyasi O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.