Joriy yilning 17-iyulidan “Tashabbusli budjet” loyihasining ikkinchi mavsumiga start berilgandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, unga loyihalar kiritish bosqichi yakunlandi.

Ikkinchi mavsum doirasida mamlakat bo‘ylab 9 426 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash bilan bog‘liq jami 49 464 ta loyihalar bildirilgan.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p loyiha Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi — 12 279 ta. Bu mavsumda Toshkentdan 4 020 ta loyiha jo‘natilgan.

Sohalar bo‘yicha eng ko‘p loyihalar ichki yo‘llarni ta’mirlash borasida bildirilgan — 15 140. Undan keyingi o‘rinda 14 835 ta loyihalar soni bilan mahalla hududini obodonlashtirishga qaratilgan loyihalar turibdi.

Kelib tushgan loyihalar har bir tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan ishchi komissiyalar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda 20 kun davomida saralab olinadi.

Loyihalarga ovoz berish bosqichi joriy yilning 27-avgustidan boshlanadi hamda 15-sentabrgacha davom etadi.

Bu mavsum uchun tuman (shahar) budjetlari hisobidan 1 trln so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirilishi kutilmoqda (mazkur mablag‘lar mavsum yakuniga qadar ortib boradi).

Tashabbusli budjet loyihasining birinchi mavsumi joriy yilning 6-fevralidan boshlab 26-fevraligacha o‘tkazilgandi.

Qayd etilishicha, “Tashabbusli budjet” loyihasining 1-mavsumi uchun davlat budjetidan 756,50 mlrd soʻm ajratilgan.

“Tashabbusli budjet” loyihasining 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan loyihalar moliyalashtirilishi belgilangandi.

Xususan, ana shunday 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.