Joriy yilning avgust oyida 46,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasi hamda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan joylarda nazorat tadbirlari o‘tkazilgan hamda o‘tgan oyda 785ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

Bunda 29,1 mln metr kub tabiiy gaz (26,3 mlrd so‘m) va 38,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi (19,9 mlrd so‘m) talon-toroj qilinishi natijasida tizimga 46,2 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Bu hajmdagi tabiiy gaz 145 520ta xonadonning, elektr energiyasi esa 194 500ta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetardi.

Noqonuniy foydalanish bo‘yicha eng ko‘p holat Andijon, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Avgust oyi boshida prezident ishtirokidagi videoselektor yig‘ilishda ayrim hududlarning elektr bo‘yicha tejash rejasini bajarmagani ta’kidlangandi.Bu hududlar qatorida Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Toshkent shahri bor.

O‘tgan yetti oyda hududlarda 160 mln kilovatt soat elektr va 290 mln kub metr gaz noqonuniy ishlatilib, tarmoq korxonalariga 355 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlangan. Iyul oyida 40 mlrd so‘mlik gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingandi.

Avvalroq Farg‘onada 1,7 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.