“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Farg‘onada o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishda 45 ta holat aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Iste’molchilar tomonidan 599,3 mln metr kub tabiiy gaz va 1 mln 236 ming kVt soat elektr energiyasi talon-toroj qilinib, natijada tizimga yetkazilgan 1,7 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Bu hajmdagi tabiiy gaz qariyb 3 mingta, elektr energiyasi esa 6 mingta xonadonning bir oylik iste’molini qoplashga yetardi.

Huquqbuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.

Avvalroq Nukusda metan zapravka 3,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgandi. Noqonuniy sarflangan 3,8 mln metr kub miqdoridagi tabiiy gaz 19 mingdan ortiq xonadonning bir oylik iste’moliga yetardi.

Toshkent shahri va viloyatidagi beshta metan “zapravka"da jami 11,5 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani aniqlangandi.

Prezident ishtirokidagi videoselektorda o‘tgan 7 oyda hududlarda 160 mln kilovatt soat elektr va 290 mln kub metr gaz noqonuniy ishlatilib, tarmoq korxonalariga 355 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani ta’kidlangandi.