Nukusda metan “zapravka” 3,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Nukus tumanida joylashgan “Max Gaz Servis” tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.

Xususan, mazkur MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida o‘rnatilgan gaz sarfini o‘lchash kompleksiga tashqi ta’sir ko‘rsatilganligi ma’lum bo‘ldi.

Noqonuniy holat natijasida davlatga 3,8 mlrd so‘m (3,8 mln metr kub) miqdorida zarar keltirilgan. Bu hajmdagi tabiiy gaz 19 mingdan ortiq xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.

Aniqlangan holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etilgan.

Avvalroq Toshkent shahri va viloyatidagi beshta metan “zapravka"da jami 11,5 mlrd so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani aniqlangandi.

Iyul oyida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida tizimga 40 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.